Toshkent shahar IIBB axborot xizmati majburiy «o‘zini yakkalash» tartibi davomida fuqarolar tomonidan berilayotgan eng ko‘p savollarga javob berdi.

Nega ichki YPX postlari tashkil etilgan?

Majburiy o‘zini yakkalash tartibi buzilishini oldini olish uchun. Ya’ni, huquqni muhofaza qilish va boshqa idoralar xodimlari fuqarolar, ayniqsa 65 yoshdan oshganlar, yashash joylarini (uy, xonadon) piyoda, velosiped yoki skuterda faqatgina quyidagi ikki sababga ko‘ra tark etishlarini nazorat qilishadi: mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun, oziq-ovqat va dorilar xarid qilish uchun.

Foto: Nikita Makarenko

Xodimlar fuqaro qancha vaqtga chiqayotganligini qanday aniqlashadi?

Uydan chiqish maqsadi haqida savol beriladi. Ishga yo‘l olayotganlar ish joyidan ma’lumotnoma (tasdiqlovchi hujjat) taqdim etishlari lozim. Озиқ-ovqat yoki dori-darmon mahsulotlarini xari qilish uchun chiqqanlar barcha kerakli narsalarni uylariga eng yaqin bo‘lgan do‘kon va dorixonalardan xarid qilib, uylariga qaytishlari kerak.


Agar biror shaxs uzrli sababni aytib xodimlarni aldasa va ko‘chalarda sayr qilib yursa, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54 moddasiga («Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish») muvofiq chora ko‘riladi. Velosipedlar (motoskuterlar, samokatlar va hokazo) bunday hollarda vaqtincha olib qo‘yiladi.

Keksa yoshdagi ota-onamning (boshqa qarindoshlarim, tanishlarimning) oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlariga ehtiyojlari tug‘ilsa va mendan boshqa zarur narsalarni yetkazib beradigan odam bo‘lmasa nima qilish zarur?

Homiylik faoliyatini muvofiqlashtirish markaziga qo‘ng‘iroq qilish kerak: 11−97, 90−900−63−46, 71−210−01−15. Qo‘ng‘iroqlar faqat soat 09.00 dan 17.00 gacha qabul qilinadi. Oldindan quyidagi ma’lumotlarni tayyorlab qo‘ying: yordamga muhtoj kishining pasport raqami va seriyasi, istiqomat qiladigan mahallasining nomi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari fuqarolarni to‘xtatish, ularga yuqoridagi savollarni berish, harakatlanishini kuzatish, velosipedlar (motoskuterlar, samokatlar va hokazolarni) olib qo‘yish huquqiga egami?

«Ha, bunday huquqqa egalar. Hozirgi vaqtda qoidalarni epidemiologik holat belgilaydi. Hozir „huquqlarni himoya qilish“ mavridi emas. Hech kimga oson emas. Holatga mulohaza bilan, aqlni ishga solib yondashish kerak. Gap hamyurtlarimizning hayoti va salomatligi haqida ketmoqda», — deyiladi IIBB xabarida.

Uy hayvonlari, xususan itlar egalari qanday yo‘l tutmoqlari kerak?

Itni faqatgina uy oldida sayr qildirish mumkin. So‘ng najosatini paketga yig‘ib, chiqindilar bakiga tashlab, uyga qaytish zarur. «Agar siz itingiz bilan qo‘shni kvartalda yoki boshqa mahallada yurganingiz aniqlansa — sizga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llaniladi», — deyiladi IIBB bayonotida.

IIBB fuqarolarni birovlarning hayoti va salomatligi uchun mas’uliyatli bo‘lishga chaqirgan. «Koronavirus pandemiyasini yengishda va ko‘p sonli o‘limlarni oldini olishda bizga faqatgina intizom yordam beradi, zero kasallik keng tarqalgan boshqa mamlakatlarga aynan shunday tartib yordam bergan», — deyiladi xabar yakunida.