Yunusobod tuman ma’muriy sudida Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida niqobsiz holda Amir Temur shaxsiga nisbatan hurmatsizlik qilib, o‘z xatti-harakatlarini videoga olgan va uni internet tarmoqlarida e’lon qilgan bir qiz va ikki yigitga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmatining xabar qilishicha, K. Majidova (1998 yilda tug‘ilgan), U. Hamidov (1993) va O. Razыkov (1990) Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish) hamda 183-moddasi (mayda bezorilik) da nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan.

Aniqlanishicha, yuqoridagi fuqarolar 1 aprel kuni soat taxminan 18:00 larda Toshkentning Yunusobod tumani Amir Temur ko‘chasidagi Amir Temur hiyobonida mamlakatda o‘rnatilgan karantin talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish qoidalarni buzishgan.

«Shuningdek, ular Amir Temur haykali me’moriy yodgorligi oldida koronavirus epidemiyasi O‘zbekistondan qachon ketishi haqida so‘rab, Amir Temur shaxsiga hurmatsizlik qilgan va jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlarini videotasvirga tushirib, olingan videolavhani 6 aprel kuni ijtimoiy tarmoqqa joylashtirishgan», — deyiladi xabarda.

Sud K. Majidova, U. Hamidov va O. Razыkovning aybi, ular bergan ko‘rsatmalaridan tashqari bildirgi, ish bo‘yicha olingan tushuntirish xatlari, ma’muriy bayonnomalar hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa hujjatlar bilan o‘z tasdig‘ini topgan, deb hisobladi.

Yunusobod tuman ma’muriy sudining 7 apreldagi qaroriga ko‘ra, K. Majidova, U. Hamidov va O. Razыkov MJTKning 54, 183- moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga MJTKning 34-moddasi (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash) tartibida uzil-kesil 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Bundan tashqari, qoidabuzarlar uchun BHMning 5 baravari, ya’ni 1 mln 115 ming so‘mdan jarima jazosi ham tayinlandi.

Video