Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmanov tomonidan aytilgan Toshkent viloyatida bir shaxs 52 nafar shaxsga kasallikni yuqtirgani haqidagi so‘zlar og‘zaki anglashilmovchilik bo‘lganligi ma’lum qilindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligining axborot xizmati xabar bergan.

Aniqlik kiritilishicha, vazir kasallikka chalingan shaxs mas’uliyatsizligi sabab 52 nafar shaxs bilan yaqin muloqotga kirishganligini nazarda tutgan.

Vazirlik keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 6 aprel soat 12:00 holatiga ko‘ra Toshkent viloyatida 29 nafar koronavirus bemorlari aniqlangan.

Bayonotda aytilishicha, koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olishga qaratilgan qator choralar ko‘rilishiga qaramay, fuqarolar orasida o‘zlarining hamda atrofdagilarning sog‘lig‘iga mas’uliyatsizlik bilan yondashish holatlari kuzatilmoqda. Natijada bir nafar kasallangan shaxs bir necha shaxslarni zararlashi holatlari kuzatilmoqda.