Toshkentda majburiy tarzda o‘zini yakkalash tartibiga rioya qilinishini nazorat qiluvchi doimiy yo‘l-patrul postlari tashkil etildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Eslatib o‘tamiz, Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining qaroriga binoan, 6 apreldan Toshkent va Nukus shahri hamda viloyat markazlarida joriy etilgan o‘zini yakkalash tartibi majburiy bo‘lgan edi.

Poytaxtda jami 61ta doimiy post tashkil etilgan bo‘lib, 42ta postda patrul-post xizmati maxsus avtobuslari mavjud, qolgan postlar PPX deb nomlangan kabinalar bilan ta’minlangan. Bundan tashqari, har bir avtotransport vositasi Kichik xalqa yo‘li bo‘ylab doimiy YPX postidan o‘tishi uchun karantin rejimiga qat’iy rioya qilinishini ta’minlash maqsadida 75 ta ikkinchi darajali yo‘llar yopildi.

Ushbu postlarda Toshkent IIBB bilan birga Milliy gvardiya hamda Mudofaa vazirligining harbiy xizmatchilari ham birga xizmat olib borishmoqda.