O‘zbekistonda jamoat salomatligi va sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatlari sohasida oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha alohida tibbiyot oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibining xabar qilishicha, bu prezidentning «Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroridan o‘rin olgan.

Hujjatga ko‘ra, yangi tibbiyot oliy ta’lim muassasasini tashkil qilish va o‘quv jarayonini 2020/2021 o‘quv yilidan boshlashni nazarda tutadigan prezident qarori loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi lozim.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 yanvarga qadar N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti va Turkiya Baxchishehir universitetining filiallari va klinikalarini tashkil etish, shuningdek, xalqaro reytinglarga kiruvchi nufuzli xorijiy tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida xalqaro fakultetlar va filiallarni ochish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, Xalqaro Vestminster va Akfa universitetlarini jalb qilgan holda, ushbu universitetlar hamda tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab sog‘liqni saqlash sohasi uchun menejer mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha magistrlik yo‘nalishi ochiladi.

Joriy yil 1 sentyabrdan esa Nukus, Andijon, Buxoro, Samarqand, Urganch va Farg‘ona shaharlarida joylashgan tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida belgilangan tartibda falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini beruvchi ilmiy kengashlar tashkil etiladi.