Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus qayd etilgan fuqarolarning doimiy yashash manzillari bo‘yicha hududlar kesimida kasallanish holatlarini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, 147 nafar bemor Toshkent shahridan bo‘lsa, 71 nafari Andijon viloyatidan. 42 nafar namanganlik fuqarolarda ham koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.

29 nafar bemor Toshkent viloyatidan, 24 nafari Farg‘ona va 21 nafari Samarqand viloyatidan. Qashqadaryolik bemorlar soni 17 nafarni tashkil etmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy istiqomat qiluvchi 11 nafar fuqarolarda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan.

Buxoro viloyatidan 8 nafar, Navoiy va Surxondaryo viloyatlaridan 5 nafardan, Sirdaryo va Xorazm viloyatlaridan 4 nafardan koronavirus bemorlari aniqlangan. 2 nafar bemor Jizzax viloyatida doimiy istiqomat qilishadi.

Ushbu ro‘yxat bemorlarning doimiy yashash manzillari bo‘yicha tuzilgan. Koronavirus bemorlarning qayerda davolanayotganligi bo‘yicha oldinroq Sog‘liqni saqlash vaziri ma’lum qilgan edi.