Markaziy bank va tijorat banklari tomonidan bank hisobvaraqlariga oid axborotlarni Davlat soliq qo‘mitasiga elektron uzatish tartibini belgilab beruvchi nizom loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Nizom loyihasiga ko‘ra, Markaziy bank va tijorat banklari Soliq qo‘mitasiga yuridik shaxslar, YATT va jismoniy shaxslarning hisobvaraqalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishlari kerak bo‘ladi.

Ushbu nizom loyihasi qabul qilinsa, tijorat banklari bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘lari aylanmasi 30 mln so‘mdan (shu jumladan, chet el valyutasi milliy valyuta ekvilentida bo‘lgan taqdirda) va трансакциялар soni 10 tadan oshgan P2P operatsiyalari (bir jismoniy shaxsning bank kartasidan ikkinchi jismoniy shaxs bank kartasiga pul o‘tkazilishi) to‘g‘risidagi axborotlarni DSQ so‘roviga ko‘ra uch ish kunida milliy hamda chet el valyutasida taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Soliq qo‘mitasi hisobvaraqlar bo‘yicha o‘tkazilgan pul mablag‘lari aylanmalari va boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar asosida Business Intellegence (zamonaviy biznes tahlillar tizimi) yordamida soliq to‘lamaslik xavfi darajasiga ko‘ra soliq to‘lovchilarni segmentlaydi. Tahlil natijalari tegishli soliq idoralariga beriladi.

Olingan ma’lumotlar maxfiy saqlanadi. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘lishlari belgilanadi.

Loyiha muhokamasi 21 aprelgacha davom etadi.