6 aprel kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh kotibi Antonio Guterrish o‘zining Tvitterdagi video-murojaatida dunyodagi barcha hukumatlarni pandemiyaga qarshi kurash vaqtida ayollarning xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘yishga chaqirdi.

Bosh kotibning bayonotiga ko‘ra, koronavirus epidemiyasi sababli ko‘plab davlatlarda karantin tadbirlari joriy etilganidan keyin dunyo bo‘ylab xotin-qizlarga nisbatan oiladagi zo‘ravonlik avjiga chiqmoqda.

«Biz bilamizki, uyda izolyatsiyada bo‘lish va karantin koronavirusni yengib o‘tish uchun zarurdir. Ammo buning oqibatida ayollar zo‘ravonlikka moyil oila a’zolarining tuzog‘iga tushishlari mumkin. So‘nggi haftalarda iqtisodiy va ijtimoiy tazyiqlar va qo‘rquv kuchayib borar ekan, biz global miqyosda dahshatli oilaviy zo‘ravonlikning guvohi bo‘lmoqdamiz» dedi BMT rahbari.

Guterrishning ma’lum qilishicha, ba’zi mamlakatlarda yordam xizmatiga murojaat qilgan ayollar soni ikki baravar ko‘paygan.

Shu nuqtai nazardan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi barcha hukumatlarni ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish uchun o‘zlarining koronavirusga qarshi kurashish milliy rejalariga ushbu masalani ham kiritishga chaqirdi. Kerakli choralar sifatida u notijorat tashkilotlari va onlayn qo‘llab-quvvatlash xizmatlariga ajratiladigan mablag‘larni ko‘paytirishni, aybdorlar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashni, dorixonalar va oziq-ovqat do‘konlarida favqulodda vaziyatlar to‘g‘risida xabar berish tizimini o‘rnatish va hayotni qo‘llab-quvvatlaydigan inshootlarga boshpanalarni joylashtirishni taklif qildi. Shuningdek, «ayollarga zo‘ravonlik qilayotganlarning e’tiborini jalb qilmasdan yordam beradigan xavfsiz usullarni taqdim qilish kerak», deya qo‘shimcha qildi Guterrish.

Shu nuqtai nazardan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi barcha hukumatlarni «ayollarning xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘yishlarini va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish hamda bunday zo‘ravonlik natijasida ularga yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi qarorlarni o‘zlarining koronavirusga qarshi kurashish milliy rejalariga» kiritishga chaqirdi.