Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov karantin vaqtida shifoxonalarda, karantin zonalarida va uyda bo‘lish qoidalari bo‘yicha gapirdi.

«Uyda bo‘lishninng ham o‘z qonun-qoidasi bor. Oilada ham ko‘rishmang. Oilada ham quchoqlashmang. Ana shu nevaralaringizni, ota-onangizni qanchalik sog‘ingan bo‘lsangiz-da, uning yoniga bormang. Hamma bilan masofada gaplashing va ularni saqlang. Yoshlarimiz sabrsiz bo‘ladi, serg‘ayrat bo‘ladi, ko‘chaga chiqqisi keladi. Qat’iy talab qo‘yib, ularni biz chiqarmasdan uyda olib o‘tirishmiz kerak», — dedi Alisher Shodmonov.

Vazir xonadonga qaytib kelganda, hech kim bilan ko‘rishmasdan, birinchi navbatda ustgi kiyimlarni yechib, qo‘llarni 20 soniyadan kam bo‘lmagan holatda yuvib, imkoniyat bo‘lsa ichida spirti bor dezinfeksiyalovchi moddalar bilan yuvib, tanani qayeri ochiq bo‘lgan bo‘lsa, ularni ham yuvishni maslahat berdi. «Kiyimlarni almashtirgandan keyin, oila a’zolaringizning oldiga borib, unda ham masofadan ko‘ksimizni qo‘lga qo‘yib so‘rashganimiz ma’qul».

Alisher Shodmonov xonadonlarda kimdadir kasallik alomatlari paydo bo‘lsa, ushbu bemorni alohida xonaga, alohida xona bo‘lmagan taqdirda bir burchakka chetlab olib qo‘yib, bir parda bilan to‘sib qo‘ygan holda, qolganlarga aralashtirmaslikni, keyin tibbiyot xodimlarini chaqirish kerakligini tavsiya qildi.

«Karantin zonalarida ham bir biri bilan chiqqan, ko‘rishgan, yana quchoqlashgan. Xonalarida o‘tirish tavsiya berilganligiga qaramasdan, sabr qilmasdan chiqib ketayotganlar bor», — dedi Sog‘liqni saqlash vaziri. Uning aytishicha, yangi tartib bo‘yicha karantin zonalaridagilarning barchasi o‘z xonalarida qolishlari kerak bo‘ladi. Ularning ovqatlanishlarini ham ushbu xonalarda tashkil etish choralari ko‘rilgan.

Vazirning aytishicha, koronavirus bemorlari shifoxonaga kelgandan keyin, o‘zini tutishlarida madaniyatsizlik qilib, shifokorlarning tavsiyalariga kirmagan holatlari ham uchragan. «Mana unga „Sen yotishing kerak, sen kech kelganing uchun pnevmoniya senda aniq bo‘ldi, seni tana harorating yuqori, senga faqat yotoq rejimi tavsiya etiladi, turmasliging kerak“ desa, bundayam gapga kirmaydida. Mana endi IVLga (sun’iy nafas olish qurilmasi — tahririyat) tushganimizni bittasi shu, hozirgi nafas yetishmovchiligi bilan og‘ir holatda yotganlarning ikkitasi shu. Bu yoshlarga aytilgan tavsiyalarga rioya etilmaganligi uchun», — dedi Alisher Shodmonov.

«Shifoxonada ham, karantin zonalarida ham, uyda ham qoidalar bor. Ularga biz rioya etishimiz, ularga munosib bo‘lishimiz, va birinchi navbatda o‘zimizning oila a’zolarimizni, farzandlarimizni, yaqinlarimizni va ota-onalarimizni asrash uchun belgilangan choralar», — deya fikrini yakunladi Sog‘liqni saqlash vaziri.