«Mazmunli karantin» loyihasi davomida sizga TED|Uzbek Language jamoasi tomonidan o‘zbek tilidagi subtitrlar joylashtirilgan TED chiqishlari va TED-Ed darslarini, hamda O‘zbekistonda tashkillashtirilgan TEDx loyihalaridan chiqishlarni havola qilib boramiz.

Xorijiy tildagi videolarda o‘zbek tilidagi subtitrlar avtomat ravishda yoqilgan. Agarda o‘zbek tilidagi subtitrlar chiqmayotgan bo‘lsa, sozlamalar qismidan uni yoqishingiz va o‘zbek tilini tanlashingiz kerak.

Rahmat aytishni unutmang (3 daqiqa)

Ushbu oddiy 3 daqiqalik chiqishda, doktor Laura Trays sehrli «rahmat» so‘zining do‘stlar orasidagi munosabatni yaxshilashi, ularni tiklashi va boshqalarning siz uchun qanchalik ahamiyatli ekanligini bildirishi mumkinligi haqida gapiradi. Sinab ko‘ring.

Shekspir asarlarining muallifi kim? (4 daqiqa)

Ba’zilar Shekspir asarlarini o‘zi yozganmi, u o‘zi aslida yashaganmi, degan savollarga berilishadi. Buyuk ingliz yozuvchisining o‘zi ham xuddi asarlari kabi o‘ylab topilgan bo‘lishi mumkinmi? Natalya Sent-Kler va Aaron Uillyams stilometriya lingvistik metodi orqali ushbu masalaga qanday qilib oydinlik kiritish mumkinligi haqida aytib berishadi.

«TED Talk» dunyoning turli burchagidagi yorqin fikr namoyondalarining ommalashuvga munosib g‘oyalarini («Ideas worth spreading») almashishlari uchun yaratilgan o‘ziga xos platforma vazifasini bajaradi. 1984 yili TED (Technology, Entertainment, Design) birinchi marta tashkil etilganda, unda texnologiya, san’at va dizaynga oid mavzular muhokama qilingan. Bugungi kunga kelib esa, TED doirasida dunyoning 110 tilida atrof-muhit masalalaridan tortib, san’at sohasigacha bo‘lgan mavzular qamrab olingan.