6 aprel soat 09:00 holatiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasida koronavirusqa chalingan ikki bemor aniqlangan. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Nukus shahrida yashayotgan bir erkak kishi va uning onasi «COVID-19» infeksiyasiga gumonlanib, Respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Ularning ahvoli o‘rtacha darajada deya baholanmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha erkak kishi ish yuzasidan 14 mart kuni Toshkent shahrida bo‘lgan. Ulardan tegishli tahlillar olinib, Respublika sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazining virusologiya laboratoriyasiga va Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy-amaliy tekshirish institutiga yuborilgan. 5 aprel sanasida tunda tahlil natijalari ushbu ikki fuqaroda koronavirus kasalligi bor ekanligini tasdiqladi.

Xabarda bemorlar bilan muloqatda bo‘lgan kishilar epidemiologik tekshiruvga olinib, ular ham karantinga olinganligi aytilmoqda.