Xitoyda koronavirus sababli yanvar oyida e’lon qilingan majburiy «o‘zini yakkalash» tartibi oqibatida oilalarda ajrashishlar soni keskin oshib ketdi. Bu haqda Bloomberg xabar bergan edi.

Qayd etilishicha, karantin sababli uyda ko‘proq birga vaqt o‘tkazgan er-xotinlar o‘rtasida kelishmovchiliklar ko‘paygan.

Financial Times nashriyotining tadqiqotiga ko‘ra, o‘nlab shaharlarda mart oyidan ajrashish uchun arizalar soni keskin oshgan. Ba’zi arizalar fuqarolik holatlarini qayd etish idoralari karantin vaqtida yopilgani uchun to‘planib qolgan bo‘lishi mumkin, lekin mahalliy hokimiyat vakillari arizalarning ko‘p qismi aynan karantin sababli yuzaga chiqqan kelishmovchiliklar oqibatida topshirilganini aytishmoqda.

Yunnan, Shaanxi va Ningxia provinsiyalarida ajrashish bo‘yicha arizalarning 60 foizdan ko‘prog‘ida asosiy sabab sifatida karantin vaqtida virusga qarshi kurashdagi stress holati ko‘rsatilgan.

Karantin davomida oiladagi zo‘ravonlik holatlari ham ko‘paygani kuzatilmoqda. Koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Xubey provinsiyasi politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, uydagi zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha arizalar o‘tgan yilgiga nisbatan ikki martaga o‘sgan.

Xitoyda so‘nggi o‘n yil ichida ajrashishlar soni ortib borayotgan edi. 2003 yilda 1,3 mlndan ortiq juftliklar ajrashgan bo‘lsa, 2018 yilda ajrashishlar soni 4,5 mlngacha yetgan. 2019 yilda 4 mln ajrashishlar qayd etilgan.

Tadqiqotlarga ko‘ra, 2002−03 yillardagi SARS virusi epidemiyasi vaqtida ham stress holatlari kuchli bo‘lgan. Natijada 2004 yilda Gonkong shahrida ajrashishlar holatlari 2002 yilga nisbatan 21 foizga ko‘paygan.