5 aprel kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson koronavirus infeksiyasining alomatlaridan aziyat chekgandan so‘ng, qo‘shimcha tekshiruvlar maqsadida kasalxonaga yotqizildi. Bu haqda Buyuk Britaniya hukumatining matbuot xizmati xabar berdi.

Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi bosh vaziri 27 mart kuni koronavirusga qarshi test natijalari ijobiy bo‘lib chiqqandan so‘ng Boris Jonson Dauning Stritdagi qarorgohida «o‘zini yakkalash» tartibida (samoizolyatsiya) hukumatni boshqarib kelgan. Unda 10 kundan buyon koronavirus infeksiyasi alomati hisoblangan yuqori harorat saqlanib qolgani uchun uning shifokori «ehtiyot chorasi» sifatida kasalxonaga yotqizish qaroriga kelgan.

«Doktorning tavsiyasi bilan bosh vazir bugun kechqurun test uchun kasalxonaga yotqizildi. Bu ehtiyot chorasi, chunki bosh vazirda virusga qarshi test natijalari ijobiy bo‘lib chiqqandan keyin o‘n kun o‘tgach, u koronavirusning doimiy alomatlariga ega», deyiladi rasmiy bayonotda. Jonson kasalxonada bir kecha qolishi kutilmoqda.

Dauning Strit, bu favqulodda holat emasligini va Jonson hukumatni boshqarishda davom etayotganini ta’kidladi. 6 mart kuni Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab hukumatning favqulodda COVID-19 koronavirus infeksiyaga bag‘ishlangan yig‘ilishiga raislik qiladi, deya xabar beradi manba.

Ma’lumot uchun, hozirgi paytda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligida COVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq 48,5 mingga yaqin holat qayd etilgan. Ulardan qariyb 5 ming nafari vafot etgan va 229 nafari esa sog‘aygan.