O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov «O‘zbekiston 24» kanali orqali mamlakatda COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorlardan boshqa shaxslarga yuqish holatlari haqida ma’lumot berdi.

«Asosan xorijda ishlovchi shaxslar O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng oila a’zolariga kasallikni yuqtirib qo‘ygan. Bunga bir qator misollar keltirish mumkin», — dedi vazir.

Xususan, 15 mart kuni xorijdan kelgan fuqaro 15 kishiga kasallikni yuqtirgan. 27 mart kuni Andijonda kasalligi aniqlangan shaxsdan esa ota-onasiga koronavirus yuqqan. Uning otasi yana 36 hamkasbiga koronavirusni o‘tkazgan. Hamkasblaridan biri 4 nafar qarindoshiga yuqtirgan. Undan tashqari yana muloqotda bo‘lganlardan 3 kishiga kasallik o‘tgan. Shunday qilib, bir kishidan 46 nafar odamga koronavirus tarqagan. «Afsuski bu bemorimiz kasallik alomatlari ko‘rina boshlaganda ham shifokorlarga xabar bermagan», — dedi Alisher Shodmonov.


Toshkent shahridagi bemor turmush o‘rtog‘i bilan Turkiyaga borib kelgan. Ular oilasidagi 8 nafar shaxsga kasallikni yuqtirgan. Barchasi hozirda davolanmoqda.

Toshkent viloyatidagi yana bir bemor esa 26 martda kasallik boshlanganiga qaramay 5 kun davomida uyida yotgan. U faqat 30 mart kuni shifokorlarga murojaat qilgan va u davolashga olingan. Ayni vaqtda ushbu bemor sun’iy nafas beruvchi (IVL) apparatiga ulab qo‘yilgan.

«Toshkent viloyatidagi boshqa bir bemorimiz esa yo‘talish, tana haroratining ko‘tarilishi va xatto nafas siqishiga qaramay to‘rtta tashkilotga borgan. Biz majbur bo‘ldik o‘sha tashkilotlarning barchasini yopishga. Bu bemordan 52 kishi kasallikni yuqtirgan», — deya ma’lum qildi vazir.

Vazirning qayd etishicha, yana bir bemor uchta tashkilotda ishlayotgan bo‘lgan. U sababli 100 dan ortiq insonlar kuzatuvga olingan. Bemor kasallik boshlanganini bilgani holda shuncha odam bilan muloqotda bo‘lgan.

«Bu jinoyat. Bila turib shuncha odamga kasalni yuqtirish xiyonatdir», — dedi vazir.

Yana bir fuqaro esa xorijda bo‘lgandan so‘ng 7 nafar oila a’zosiga yuqtirgan. U bilan muloqotda bo‘lgan 153 shaxs kuzatuvda.

Umumiy hisobda 7 mamlakatdan kirib kelgan 123 kishi va ular bilan muloqotda bo‘lganlar tufayli bemorlar soni 390 nafarga yetdi, dedi vazir.

Alisher Shodmonovning qayd etishicha, to‘rt nafar bemor kim bilan uchrashganini sir saqlagan. Faqatgina ular bilan muloqotda bo‘lganlarda isitma chiqqandan keyin tibbiyot mutaxassislari buni bilgan.

Yana bir misol — Turkiyadan kelgan er-xotinda shamollash belgilari bo‘lgan. Ammo ular xorijdan kelganini aytmagan va tibbiyot xodimlarini chalg‘itgan. Keyinchalik test o‘tkazilib koronavirus aniqlangandan keyin kasalni yashirganlarini yig‘lab tan olishgan. Natijada butun oila kasalga chalingan.

«Afsuski bemorlar orasida kasallik aniqlangandan so‘ng ham shifokorlarga quloq solmasdan, o‘z bilganini qilib yurganlar uchrab turibdi. O‘zing butun mahallaga yuqtirib bo‘lding, kerak bo‘lsa yashirib yurding, xiyonat qilding, endi hech bo‘lmasa shifoxonaga kelgandan keyin shifokorlarning aytganini qilish kerak emasmi? Yo‘q, manmanlik bilan tavsiyalarga quloq solmasdan yurganlar ham bor. Mana shunday bemorlardan biri hozir IVL apparatiga ulab qo‘yilgan, sun’iy nafas berilyapti», — deya ma’lum qildi sog‘liqni saqlash vaziri.

Alisher Shodmonov hatto oilada ham quchoqlashib ko‘rishmaslik va hamma bilan masofada gaplashishni tavsiya qildi.