Ayni vaqtgacha O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi aniqlangan holatlar soni 342 нафарни tashkil etmoqda, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi. Oxirgi tasdiqlanganlarning barchasi statsionar sharoitida karantinga olingan fuqarolar orasidan aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, yakshanba kuni COVID-19 aniqlangan jami holatlar soni avvaliga 32 taga ortib 298 taga, so‘ngra 12 taga oshib, 310 taga yetgani xabar qilindi.

Shunday qilib, 5 aprel kuni mamlakatda koronavirus infeksiyasi jami 76 kishida tasdiqlandi. Bu — O‘zbekistonda yangi turdagi koronavirus infeksiyasi ilk bor tasdiqlangan 15 martdan buyon kunlik eng ko‘p o‘sish demakdir. Bunga qadar 29 mart kuni jami 40 kishida COVID-19 aniqlangan edi.

Shu bilan birgalikda, ushbu kasallikdan butunlay sog‘ayganlar soni 30 nafarni tashkil etmoqda. Ikki kishi esa hayotdan ko‘z yumdi. Bundan tashqari, xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari orasida ham o‘lim holatlari qayd etilmoqda. Xususan, 5 aprel kuni AQSHning Nyu-York shahrida ikki vatandoshning ushbu infeksiyadan vafot etgani xabar qilindi.