Propiska tizimini isloh qilishga doir O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi hamda Vazirlar mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqildi. Loyihalar yuzasidan muhokamalar «Taraqqiyot strategiyasi» markazi tomonidan e’lon qilindi.

Loyihalarga ko‘ra, «propiska» tushunchasi o‘rniga xalqaro tajribaga asoslangan holda «ro‘yxatdan o‘tkazish» tushunchasi kiritilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun Toshkent shahri va viloyatida ko‘chmas mulkni olishda ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish hamda yangi qurilgan uylarning oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasini to‘lash haqidagi talablar bekor qilinadi.

Fuqarolarning birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini nafaqat o‘zi doimiy ro‘yxatda bo‘lgan manzilga, balki egaligidagi boshqa uy-joyga ham doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqi beriladi. Oila kodeksining 57-moddasiga ko‘ra, bolalar ota-onasiga nisbatan to‘g‘ri shajaradagi birinchi, nevara bobosiga, buvisiga nisbatan — ikkinchi darajadagi qarindosh hisoblanadi va hokazo.

Boshqa hududlarda doimiy ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Toshkent shahri va viloyatida uyni umumiy mulk huquqi asosida oldi-sotdi, ayirboshlash, hadya, renta, umrbod ta’minlash sharti bilan boshqa shaxsga berish, garovga (ipotekaga) qo‘yish, ko‘chmas mulkdan voz kechish va ko‘chmas mulkni o‘zgaga berishning boshqa usullariga oid bitimlarni notarial tasdiqlashda ham ijtimoiy norma to‘g‘risidagi qoidalar inobatga olinishi lozimligi belgilanmoqda.

Doimiy propiska uchun er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilinganda propiska yo‘qotilishi haqidagi qoidalarni qonunchilikdan chiqarib tashlash rejalashtirilmoqda. Bu chora «soxta» nikohlarning oldini olishda qo‘l kelishi aytilgan.

Ilgari Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro‘yxatga ega bo‘lgan fuqarolar qaytib kelganda, ular ushbu hududlarda hech qanday qo‘shimcha shartlarsiz qayta doimiy ro‘yxatga olinishi mumkin bo‘ladi.

Vakillik organlariga saylangan, tegishli davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari va respublika ahamiyatidagi boshqa davlat tashkilotlariga tayinlangan xodimlar uchun doimiy ro‘yxat bo‘yicha lavozimni egallab turish davriga oid cheklov olib tashlanadi.

Bundan tashqari, oilaga tarbiyaga olingan (patronat) shaxslar ularning tutingan ota-onasining doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga turish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish muddati uy-joy egasining roziligi asosida 1 yildan 5 yilgacha uzaytirilmoqda.

Ayni vaqtda, fuqarolarni Toshkent shahri va viloyatida doimiy va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmasdan, yashash muddati 10 kundan 15 kunga o‘zgartiriladi.

Doimiy va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish fuqaroning xohishiga ko‘ra ichki ishlar organlari, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi hamda uning muddati 3 kundan 1 kunga qisqartiriladi.

Oldinroq xabar berganimizdek, pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga shtamp bosish amaliyotidan voz kechish, harbiy hisob uchun mudofaa bo‘limlariga borish tartibi bekor qilish hamda tug‘ilgan bolaga Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida tug‘ilganlik guvohnomasini rasmiylashtirish vaqtida uni otasi yoki onasining doimiy ro‘yxat manzili bo‘yicha idoralararo avtomatlashgan tizim orqali doimiy ro‘yxatga olish tartiblari kiritilishi rejalashtirilmoqda.

Ushbu loyihalar bo‘yicha muhokamalar 11 aprelga qadar davom etadi.