AQSHda O‘zbekiston fuqarolari orasida COVID-19 koronavirus infeksiyasidan ilk o‘lim holatlari qayd etildi. Bu haqda mamlakatning Vashingtondagi elchisixonasi matbuot xizmati xabar qildi.

Vafot etganlardan biri 51 yoshli erkak kishi, ikkinchisi esa 69 yoshdagi ayol kishidir. Ularning har ikkisi ham Nyu-York shahrida istiqomat qilgan.

Diplomatik muassasa vafot etganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, AQSH, Kanada va Amerika qit’asining boshqa davlatlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlardan ehtiyotkor bo‘lish, tibbiyot xodimlari va hukumat tavsiyalariga qat’iy rioya qilish hamda uyda qolishni iltimos qilgan.

«Amerika ovozi»ning 2 aprelda ma’lum qilishicha, marhuma ayol 9 yildan buyon AQSHda doimiy yashab kelgan. Qariyalarga xizmat ko‘rsatish tizimida ishlagan marhuma ancha yillar davomida qand kasalligidan aziyat chekib kelgan. Ikki hafta oldin tobi qochib kasalxonaga tushgan, uyda izolyatsiya sharoitida davolanish tavsiyasi bilan javob berilgan, ammo bir hafta o‘tib og‘irlashgan va yana kasalxonaga olib ketilgan.

Erkak esa 6−7 yildan buyon AQSHda o‘z oilasi bilan doimiy yashab kelgan va u ham qand kasalligidan qiynalgan. Ustachilik bilan mashg‘ul bo‘lgan marhum mart oyining o‘rtalarida o‘pkasi qattiq shamollab, kasalxonaga tushgan. Pnevmoniya uning holatini yanada og‘irlashtirgan, deyiladi xabarda.

«Amerika ovozi»ning xabar berishicha, Nyu-York shahrida o‘zbekistonliklar orasida 10 dan ortiq koronavirus bemorlari bor. Ularning eng yoshi 29−30 yoshda ekanligi aytilgan.