Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Slovakiyaning Chirana kompaniyasi va rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda o‘pkaning sun’iy ventilyatsiyasi apparatlari (IVL) ishlab chiqarish bo‘yicha texnologiyalar transferi amalga oshirilmoqda. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Koronavirus tufayli mazkur loyiha doirasida O‘zbekistonga 1000 dona nafas olish konturlari, 500 dona namlik kollektor bilan nafas olish konturlari va 1000 dona bir martali bakterial-virusli filtrlarni beg‘araz foydalanish uchun topshiriladi.

Hozirda «CHIRANA ASIA» Slovakiya-Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi tashkil etilgan bo‘lib, kompaniya «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» («Made in Uzbekistan») yorlig‘i ostida mamlakatda yagona yuqori texnologik tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqaradi. Bunday ishlab chiqarish Markaziy Osiyoda birinchi marta amalga oshiriladi, bu esa tibbiyot sanoatida import o‘rnini bosish jarayonini jadallashtiradi.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda IVL qurilmalarini ishlab chiqarish 2020 yil may oyida boshlanadi. Sentyabrga qadar Toshkentning Bektemir tumanida ishlab chiqarish uchastkasi qurilishi yakunlanadi va zavod ishga tushiriladi.


Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning birinchi bosqichida 3 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish va 30 ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqichida esa 6 million AQSH dollargacha investitsiyalar va 100 tagacha ish o‘rinlari ochilishi kutilmoqda.

«O‘pkaning sun’iy ventilyatsiyasi apparatlari hozirda jahonning 12 mamlakatida ishlab chiqariladi. Apparatlarimiz boshqa kompaniya modellaridan farqli ravishda bir bosqichli emas, uch bosqichli ventilyatsiyani amalga oshiradi. Bunday apparatlar ishlab chiqaruvchi zavodning O‘zbekistonda barpo etilishi davlatning tibbiy xavfsizligini ta’minlaydi», — deydi «CHIRANA+» kompaniyasining bosh direktori Vasiliy Shimko.

Bundan tashqari, ta’mirlash uchun ehtiyot qismlar va xizmat ko‘rsatish markazi yaratilib, IVL (o‘pkaning sun’iy ventilyatsiyasi apparati) va NDA (narkoz-nafas olish apparati) qurilmalari uchun noyob, mobil va zamonaviy servis xizmati tashkil etiladi. Anesteziologiya sohasida yuqori malakali xorijiy mutaxassislar taklif qilingan holda IVL va NDA qurilmalaridan foydalanish bo‘yicha seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ishlab chiqariladigan mahsulotlarni, shuningdek, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Afg‘onistonda sotish rejalashtirilmoqda.