O‘zbekistonda aniqlangan koronavirus infeksiyasi holatlari soni 32 taga ko‘payib, 298 taga yetdi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

So‘nggi kunlarda aniqlangan barcha holatlar statsionar sharoitlarda karantin holatida bo‘lgan fuqarolar orasida qayd etildi, deya xabar berdi davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda 100 mingdan ortiq kishi statsionar va uy karantinidadir.

Jumladan, Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasida 85 nafar bemor bo‘lib, ulardan 22 nafarida pnevmoniyaning klinik belgilari mavjud, 4 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining holati esa o‘rtacha og‘ir.

Epidemiologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasida esa 35 bemor davolanmoqda, ulardan 1 nafarining ahvoli o‘rtacha, 1 nafarining ahvoli esa o‘ta og‘ir.

Avval xabar qilinganidek, bugungi kungacha 25 bemor to‘liq sog‘aydi, 2 kishi vafot etdi.