4 aprel soat 09:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda karantin qoidalariga amal qilmaslik holatlari jami 25 057 tani tashkil etgan. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.

Hududlar bo‘yicha qoidabuzarliklar eng ko‘p Toshkent shahrida qayd etilgan. 4241 ta holatda karantin qoidalari buzilgan. Farg‘ona viloyatida 3 mingta, Toshkent viloyatida 2600 dan ortiq va Samarqand viloyatida deyarli 2,5 mingta karantin qoidalarini buzish holatlari kuzatilgan.

Qoidabuzarliklarning aksariyati himoya niqoblarini taqmaslik bilan bog‘liq. 23 mingdan ortiq holatlarda himoya niqoblari taqmagan shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Karantin talablariga rioya qilmaslik holatlari orasida marosimlar o‘tkazish holatlari ham uchramoqda. IIVning xabar berishicha, 3 aprel kuni Jizzax viloyatida 1967 y.t. X.Q. o‘zining o‘g‘li M.Q. 28 mart kuni harbiy xizmatni o‘tab qaytganligi munosabati bilan o‘zining uyida o‘g‘lining 24 nafar sinfdoshlarini yig‘ib marosim o‘tkazgan. Fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga asosan javobgarlikka tortilgan.