3 aprel kuni Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining (OIIB) direktorlar kengashi «Buxoro viloyatida ichimlik va oqova suv tizimi bilan ta’minlash» keng ko‘lamli infratuzilma loyihasining birinchi bosqichini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga 385 mln dollar miqdoridagi mablag‘larni ajratilishini ma’qulladi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ma’lumot berdi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, loyihadan foyda oluvchilar soni taxminan Buxoro viloyatining 1,2 million aholisini tashkil qilishi kutilmoqda, shundan 540 ming kishi birinchi marta markazlashgan ichimlik suvi ta’minotidan va 105 ming kishi esa markazlashgan oqova suv tizimidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Loyihaning ikkinchi bosqichi qo‘shimcha 620 ming kishiga markaziy ichimlik va oqova suv ta’minoti tarmog‘idan foydalanishga imkon yaratadi.

Umumiy qiymati qariyb 600 mln dollarni tashkil etadigan loyiha amalga oshirilishi natijasida Buxoro viloyati ichimlik suvi ta’minot xizmatlari bilan to‘liq ta’minlanadi, viloyatning barcha tumanlari markazlari esa markazlashtirilgan oqova suv tarmog‘i tizimiga to‘liq ulanadi, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun: Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) Osiyo hududida infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida XXR rahbariyati tashabbusi bilan 2014 yil 24 oktyabrda tashkil etilgan. O‘zbekiston 2016 yil 29 noyabrdan buyon OIIB a’zosidir.