Jahon banki Afg‘onistonga COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash uchun 100,4 million dollarlik grantni ma’qulladi. Bu haqda Jahon bankining rasmiy veb-saytida ma’lum qilindi.

Xabarga ko‘ra, jamg‘arma Jahon bankining favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va sog‘liqni saqlash tizimlariga tayyorgarligi loyihasi asosida Afg‘onistonga koronavirus tahdidiga qarshi samarali choralar ko‘rishi hamda hukumatning aholi salomatligiga tayyorgarligini kuchaytirishga yordam berish maqsadida ajratilgan.

Mazkur yordam paketi Afg‘onistonning barcha 34 viloyatini qamrab oladi va zarur tibbiy yordam xizmatlari mamlakat bo‘ylab tarqatiladi. Moliyalashtirish birinchi navbatda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan odamlarni, xavf ostida bo‘lgan aholini, tibbiyot va milliy sog‘liqni saqlash agentliklari xodimlarini, shuningdek, favqulodda hozir bo‘lgan xizmat ko‘rsatuvchilarni qo‘llab-quvvatlaydi, deyiladi xabarda.

Loyiha Xalqaro Taraqqiyot Uyushmasi (IDA), Jahon banki guruhining qashshoq davlatlar uchun 100,4 million AQSH dollari miqdoridagi granti hisobidan moliyalashtiriladi, shundan 19,4 mln dollari Jahon bankining COVID-19 tezkor moliyalashtirish fondidan taqdim etiladi.

«Jahon banki Afg‘oniston hukumati va xalqi bilan COVID-19 koronavirusining mamlakatda tarqalishiga qarshi kurashishda qat’iyatlidir», dedi Jahon bankining Afg‘onistondagi vakolatxonasi rahbari Genri Kerali.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi paytga qadar Afg‘onistonda 273 ta koronavirus holati qayd etilgan bo‘lib, 6 nafar bemor vafot etgan va 10 kishi tuzalgan.

Ma’lumot uchun, Jahon banki tomonidan COVID-19 koronavirusiga qarshi kurash uchun tezkor ravishda taqdim etilayotgan birinchi moliyalashtirish dasturi doirasida dunyoning turli mintaqalaridagi 25 ta davlatga qariyb 2 milliard dollar miqdorida yordam berilishi ma’qullangan. Ushbu mamlakatlarga Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi ikki mamlakat ham kiradi: Tojikiston va Qirg‘izistonga mos ravishda 11,3 va 12,15 million dollar ajratiladi.