Toshkentda tibbiy chiqindilar — niqob, qo‘lqop va boshqa koronavirusdan himoya vositalarini yo‘q qilish uchun maxsus konteynerlarni o‘rnatish boshlandi, deya xabar qildi O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi.

Qo‘mitaning qayd etishicha, koronavirus pandemiyasi sabab tibbiyot chiqindilari misli ko‘rilmagan darajada ko‘p hosil bo‘lmoqda. «Mamlakatimizda hech qachon bu qadar ko‘p doka niqoblar, rezina qo‘lqoplar, himoya vositalari ishlatilmagan. Ularni ishlatib bo‘lgandan keyin mashiiy chiqindilarga aralashtirish, aslo mumkin emas», — deyiladi xabarda.

Infeksiya yuqtirish ehtimoli yuqori bo‘lgani uchun tibbiy chiqindilarni odatiy maishiy chiqindilar bilan aralashtirmaslik kerak.

Shu maqsadda poytaxtning Mirobod tumanida faoliyat yuritayotgan «Mironshoh» va «Rahnamo» muqobil sanitar tozalash xususiy korxonalari Hasher Week loyihasi bilan hamkorlikda yangi loyihaga qo‘l urdi.

Korxonalar o‘z tasarrufidagi chiqindi yig‘ish maydonchalariga (ular jami 14 tani tashkil etadi) ishlatilgan niqoblar, rezina qo‘lqoplar, turli xildagi tibbiy himoya vositalarini tashlash uchun mo‘ljallangan zamonaviy chiqindi qutilarini o‘rnatmoqda.