27 mart kuni O‘zbekiston delegatsiyasi AQSH rasmiy va ishbilarmon doiralari bilan videokonferensiya o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston hukumatining koronavirus infeksiyasining iqtisodiyotga salbiy ta’sirlarini yumshatish, JSTga a’zo bo‘lish hamda iqtisodiy shaffoflik va mamlakatda korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlari muhokama qilindi, deya xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Videokonferensiyada o‘zbek tomonidan bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, shuningdek, ITSV, TIV hamda boshqa aloqador vazirlik va idoralar rahbariyati, Amerika tomonidan esa Savdo vazirligi, Savdo vakillari idorasi (USTR), Davlat departamenti, Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi va uning Valmont, Procter&Gamble, CNH Industrial, ExxonMobil, Coca-Cola, General Motors kabi a’zolari vakillari ishtirok etdi.

Tomonlar O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhining to‘rtinchi yig‘ilishi doirasidagi o‘zaro aloqalar hamda mamlakatga a’zo-davlatlar bilan muzokaralar o‘tkazishga preferensiyalar olish uchun rivojlanayotgan iqtisodiyot maqomini berish masalalarini ham muhokama qildi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar O‘zbekistonning «Jekson-Venik» tuzatishlari ta’siri doirasidan chiqarishni ham ko‘rib chiqdi.

Jekson-Venik tuzatishi — 1974 yilda AQSH Savdo to‘g‘risidagi qonuniga kiritilgan tuzatishlar bo‘lib, ular emigratsiyaga (ko‘chish) to‘siq qo‘yuvchi va boshqa inson huquqlarini buzuvchi davlatlar bilan savdoni chegaralashni ko‘zda tutadi.

Alohida muhokamalar chog‘ida O‘zbekiston hukumatining mamlakatda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish rejalari muhokama qilinib, Amerika kompaniyalari davlat-xususiy sherikchilik shartlarida ularda ishtirok etishga qiziqish bildirdi.