Mart-iyun oylarida to‘lash muddati tugaydigan bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqalar 6 oy muddatga (biroq bola tegishlicha 2 yoshga va 14 yoshga to‘lgunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda) tanaffussiz davom ettiriladi. Bu haqda prezidentning «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonida so‘z boradi.

Hujjatda belgilanganidek, bunday oilalardan bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordamlar to‘lash ularni to‘lashni yangi muddatda davom ettirish to‘g‘risidagi ariza hamda boshqa hujjatlarni talab qilinmaydi. Nafaqalar va moddiy yordam to‘lashni uzaytirish bilan bog‘liq xarajatlar Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va nogironlarni bepul ta’minlash uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena tovarlarining ro‘yxati karantin tadbirlari amal qilishi davrida bir martalik niqoblar, antiseptik vositalar va bakteriyaga qarshi sovunlar jamlanmasi bilan to‘ldiriladi.

Vazirlar Mahkamasiga bir hafta muddatda ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va to‘lashning amaldagi tartibiga oilalarning ijtimoiy nafaqa olishga muhtojligini baholash tartib-taomillarini soddalashtirish topshirildi. Ushbu tartiblar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • ijtimoiy nafaqa olish uchun ariza bilan birga taqdim etiladigan hujjatlarni kamaytirish;
  • davlatning ijtimoiy yordam choralari hisoblanuvchi alohida transfertlarni oilaning jami daromadlaridan chiqarib tashlash va boshqalar.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamlarning manzilliligini ta’minlash maqsadida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorlikda ishlash, shuningdek, ijtimoiy yordamga o‘ta muhtoj bo‘lgan oilalarga yordam ko‘rsatish uchun tegishli ko‘maklarni jalb qilish bo‘yicha tezkorlik bilan choralar ko‘rish topshirildi.