O‘zgidromet mart oyi uchun ob-havo yakunlarini hamda aprel oyida kutilayotgan o‘zgarishlar tafsilotini e’lon qildi.

Oyning birinchi o‘n kunligi o‘rtasida sovuq havo to‘lqini kuzatildi, harorat kechasi 0−3 daraja sovuq, kunduzi 3−8 daraja iliqqacha pasaydi. Ikkinchi o‘n kunligidan boshlab harorat tez ko‘tarildi va ayrim kunlarda hatto 23−28 darajagacha yetib, ko‘proq martga qaraganda aprel oyi oxirini eslatdi.

Martning birinchi yarmida yomg‘irlar juda kam kuzatildi va kuchsiz yog‘di. Martning ikkinchi yarmida yomg‘irlar ko‘proq yog‘ib, ayrim kunlarda ancha kuchli bo‘ldi. Masalan, Toshkentda 21 martda sutka davomida yoqqan yomg‘ir 20 mm ni, ya’ni bir oylik yog‘inlar miqdorining deyarli uchdan birini tashkil qildi.

Umuman olganda mart oyi me’yorga nisbatan 1−3 darajaga iliqroq, yog‘inlar miqdori esa respublikamiz hududining katta qismida o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan kamroq bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Apreldagi yomg‘irlar asosan lokal xarakterga ega bo‘ladi. Shunday, 3 aprelda faqat respublika shimoli — Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. 4 aprelda janubi-g‘arbiy hududlar — Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida, 5 va 6 aprelda esa shimoliy hududlar va Farg‘ona vodiysidan tashqari respublikaning qolgan hududida ayrim joylarga yomg‘ir yog‘adi. Shu davrda harorat 17−22 daraja iliq atrofida, ayrim kunlarda 23−25 darajagacha iliq bo‘ladi.

Keyinchalik, qisqa tanaffusdan keyin O‘zbekistonda yana yomg‘irli davr bo‘lishi kutilmoqda. Undan so‘ng aprelning oxirigacha quruq va iliq davrlar ob-havo nobarqaror bo‘ladigan yomg‘irli davr bilan almashib turadi. Yomg‘irlar asosan qisqa muddatli bo‘lib, momaqaldiroq bo‘ladi va shiddatli shamol esadi.

Kunduzgi harorat 25−25 darajadan 25−30 daraja issiqqacha o‘zgarib turadi, aprel oyining oxirgi o‘n kunligida 30−33 darajagacha ko‘tariladi. Ayrim kunlarda yomg‘ir yog‘ayotganda haroratning 13−18 darajagacha pasayish ehtimoli yo‘q emas.

Umuman, aprel harorat rejimi bo‘yicha o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin, ayrim joylarda odatdagidan 1−2 daraja iliq va o‘rtacha nam bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda aprel oyi yilning eng yog‘inli oylaridan biri hisoblanadi. Odatda, aprelga qaraganda faqat mart oyi yog‘inlar bo‘yicha ustun turadi. O‘tgan 2019 yil aprel oyi esa eng yog‘inli, mamlakatimizning ayrim mintaqalarida esa O‘zbekistondagi butun meteorologik kuzatuvlar tarixi davomida eng yog‘inli deb qayd etilgan.