BMT inson huquqlari qo‘mitasi O‘zbekistonda inson huquqlari tamoyillariga rioya qilinishi bo‘yicha navbatdagi hisobotini e’lon qildi.

2−3 mart kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Akmal Saidov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan berilgan axborotni qabul qilgan holda, Qo‘mita o‘zining xulosalarini taqdim etdi.

Qo‘mita O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan sud tizimidagi islohotlar, bolalar va majburiy mehnatning tugatilishi kabi quyidagi muhim o‘zgarishlarni ijobiy deb baholadi:

  • 2019 yilda qabul qilingan «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida"gi va «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlarning qabul qilinishi;
  • ayollar va erkaklar uchun turmush qurish yoshining tenglashtirilgani (18 yoshdan);
  • Ombdusman huzurida milliy preventiv mexanizmning joriy etilishi va Ombudsmanning to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahkumlar shikoyatini qabul qila olishi;
  • Bosh prokuratura huzurida Iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limlarining tashkil etilganligi;
  • 2017 yilda qabul qilingan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida» qonun;
  • Sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimidagi fuqarolarni hamda mehnat yoshiga yetmaganlarni paxta mavsumiga jalb etish amaliyotini tugatilishi va boshqalar.

BMT Inson huquqlari qo‘mitasi O‘zbekiston hukumatiga qator tavsiyalar va izohlar bergan. Ularning orasida quyidagi tavsiyalar ham mavjud:

  • davlat «propiska» tizimini Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt nizomlariga to‘liq muvofiqlashtirilishini ta’minlash;
  • barcha korrupsion harakatalar, ayniqsa poraxo‘rlik va davlat xizmatchilari tomonidan davlat byudjetini o‘zlashtirilishi holatlarini tergov qilishni ta’minlash;
  • sud va ma’muriy sudlov jarayonida diskriminatsiya qurbonlariga bo‘lgan shaxslarga samarali himoya vositalarini kafolatlash;
  • ayollarga nisbatan zo‘ravonlik, shu jumladan oiladagi zo‘ravonlik to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilish; va militsiya xodimlari, prokurorlar va sudyalar ushbu turdagi ishlarni samarali hal qilishi uchun tegishli tayyorgarlikdan o‘tishini ta’minlash;
  • qiynoqlar va boshqa noinsoniy muomalalar to‘g‘risida xabar berishga xalaqit beradigan har qanday to‘siqlarni, shu jumladan milliy qonunchilik va amaliyotdagi to‘siqlarni ham, bartaraf etish;
  • Mandela qoidalariga rioya qilish (qamoqxonalarda mahbuslar bo‘lgan munosabatning BMT tomonidan qabul qilingan standard qoidalar);
  • qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar tomonidan sud tizimiga asossiz aralashishning barcha shakllariga barham berish va Sudyalar Oliy kengashining mustaqilligini, shu jumladan uning tarkibiga asosan professional o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan saylanadigan sudyalar va prokurorlardan tashkil topishini, va tizim faoliyatining shaffofligini ta’minlash;
  • Advokatlar palatasining ijro etuvchi hokimiyatdan mustaqilligini qonun bilan va amaliyotda kafolatlash va boshqalar.

BMT inson huquqlari qo‘mitasi mustaqil ekspertlardan tashkil topgan idora bo‘lib, qo‘mita Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning nizomlari paktga qo‘shilgan mamlakatlar tomonidan bajarilishini monitoring qilib boradi.

Ushbu xalqaro paktga qo‘shilgan mamlakatlar doimiy ravishda ushbu huquqlar jamiyat hayotiga qanday tadbiq etilayotganligi bo‘yicha hisobot berib boradi. Ushbu xalqaro pakt O‘zbekistonda 1995 yilda kuchga kirgan.