Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha prezident farmoni imzolandi.

Farmonga ko‘ra, tadbirkorlar va iqtisodiyot tarmoqlariga qator yengilliklar beriladi:

Birinchidan, turistik va mehmonxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar 2020 yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini to‘lashdan ozod etiladi. Ularga ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi.

Ikkinchidan, karantin davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliqni hisoblash to‘xtatiladi. Ushbu imtiyoz qariyb 150 ming yakka tartibdagi tadbirkorga katta ko‘mak bo‘ladi.

Uchinchidan, tushumi o‘tgan oydagiga nisbatan 50 foizga kamaygan kichik biznes sub’ektlariga aylanmadan olinadigan soliq, yer solig‘i, mulk solig‘i, ijtimoiy soliq va suv solig‘ini to‘lash muddati 1 oktyabrga qadar kechiktiriladi. Tadbirkorlar bu imtiyozlardan soliq idorasini uydan turib xabardor qilishi mumkin.

To‘rtinchidan, 1 apreldan boshlab yuridik shaxslarning tabiiy gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov majburiyati amaldagi 100 foizdan 30 foizga tushiriladi.

Beshinchidan, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan yordam berish ko‘lami yanada kengaytiriladi. Endi кредит stavkasi 28 foizgacha bo‘lganda ham uning 12 foizini davlat qoplaydi.

Buning uchun tadbirkorlarning 3 trillion so‘mlik kreditlari foizini qoplashga jamg‘armadan qo‘shimcha 400 milliard so‘m yo‘naltiriladi. Jamg‘arma bir tadbirkorning faqatgina bitta loyihasiga kafillik berishi bo‘yicha cheklov ham endi bekor qilinadi.

Intizomli va ishonchli tadbirkorlarga kreditning 75 foiziga jamg‘arma kafillik beradi (bugungi kunda 50 foiz). Kafillik summasining yuqori chegarasi ham 8 milliard so‘mdan 10 milliard so‘mga oshiriladi.

Oltinchidan, qiyin ahvoldagi korxonalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va aholining 12 trillion so‘mlik kredit majburiyati muddati uzaytiriladi.

Shuningdek, bugun qishloqlarda ko‘p ish joylarini tashkil etib, endi rivojlanayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlari 2019 yilda paxta yetishtirish uchun olgan kreditlarini qaytarish muddati 1 oktyabrgacha uzaytiriladi.

Yettinchidan, karantin davrida uy sharoitida rivojlantirish mumkin bo‘lgan faoliyat turlari qo‘llab-quvvatlanadi. Ushbu soha uchun 2020 yil yana 50 million dollar mablag‘ yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari karantin tadbirlari davrida o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlarini hisoblash va undirish to‘xtatiladi.