COVID-19 koronavirus pandemiyasi va tabiiy gaz va misga bo‘lgan narxlarni pasayishi tufayli 2020 yilda O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi sekinlashadi, sanoat va qishloq xo‘jaligi o‘sishi bilan birga investitsiyalarning ko‘payishi 2021 yilda iqtisodiy tiklanishga hissa qo‘shishi kutilmoqda, deya «Gazeta.uz»ga Osiyo Taraqqiyot Bankining (OTB) O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.

OTB 2020 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 4,7% (2019 yilda — 5,6%) bo‘lishini prognoz qildi. 2021 yilda esa islohotlar natijasida qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmatlar sohalarida keskin o‘sish yuz berib, bu o‘z navbatida YAIM o‘sish darajasining yana 5.8%ga ko‘tarilishiga olib keladi.


O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sish prognozi

«Biz pandemiya ta’sirning to‘liq ko‘lamini hali bilmaymiz, biroq O‘zbekiston Hukumati o‘zining islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashga va iqtisodiyotning tiklanishi uchun zarur bo‘lgan vaqtni qisqartirishga qaratilgan muhim choralarni ko‘rmoqda», dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Sindi Malvichini xonim.

OTBning ma’lum qilishicha, 2020 va 2021 yillarda investitsiyalar asosiy o‘sish omili bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda va bu shahar infratuzilmasini va ishlab chiqarish ob’ektlarini rivojlantirishga qaratilgan davlat boshchiligidagi investitsiyalarning takomillashishi natijasi bo‘ladi. Rossiyada valyuta qadrsizlanishining pul o‘tkazmalariga salbiy ta’sir ko‘rsatganiga qaramay, ish haqqining vaqti-vaqti bilan oshib borishi va inflyatsiyaning pasayishi xususiy iste’molga ijobiy ta’sir qilishi kutilmoqda.

Bayonotda aytilishicha, Markaziy bank asta-sekin inflyatsiyani targetlashi natijasida inflyatsiya 2020 yilda 13 foizga va 2021 yilda 10 foizga pasayishi prognoz qilinmoqda. Kutilishicha, fiskal siyosatning qat’iylashishi va siyosatga asoslangan kredit islohotlarining olib borilishi kreditlar o‘sishini ikki barobar pasaytiradi. Biroq, elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlarining reja asosida ko‘tarilishi, shuningdek, qishloq xo‘jaligida narxlarning tartibga solinishining bekor qilinishi inflyatsion bosimlarning hosil bo‘lishiga o‘z hissasini qo‘shadi.

Joriy hisobvaraq kamomadi bu yil 4,0 foizgacha va 2021 yilda 3,5 foizgacha yanada kamayishi kutilmoqda. Tabiiy gaz va mis eksporti 2020 yilda pasayishi kutilar ekan, bularning o‘rni oltin eksporti bilan qoplanadi. Qishloq xo‘jaligida olib boriladigan tarkibiy islohotlar, xizmatlar va sanoat uchun infratuzilmaning yaxshilanishi va tabiiy gazga bo‘lgan tashqi talabning oshishi natijasida 2021 yilda eksport kengayishi lozim.

Hisobotda aytilishicha, O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga o‘tish sari keng qamrovli islohotlar olib borayotganligi sababli inflyatsiyani pasaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni davom ettirishi zarur. OTB kredit bozorini yanada kuchaytirishni va elektr energiyasi va boshqa kommunal xizmatlar narxlarining o‘zgarishi kam ta’minlanganlarga salbiy ta’sir qilmasligi uchun maqsadli kompensatsiyalar qo‘llashni taklif qilgan.

OTB inflyatsiyaning oldini olish uchun hukumatga transport, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida xususiy sektorning ishtirokini rag‘batlantirish orqali raqobatni rivojlantirish va import mahsulotlari narxlarning oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bojxona rasmiylashtirish jarayonlarini takomillashtirishni kat’iy tavsiya qildi.