AQSH hukumati Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali COVID-19 infeksiyasiga qarshi kurashda O‘zbekistonni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlashi to‘g‘risida ma’lum qildi. Bu haqda mamlakatning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo 26 mart kuni COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda xavf ostida bo‘lgan 64 ta davlatga favqulodda tibbiy va gumanitar yordam ko‘rsatish uchun 274 mln dollar ajratilishini e’lon qilgan edi.

AQSH Davlat departamenti vakillarining ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonga 848 ming dollar ajratiladi.

USAID keng ko‘lamda tahlillar o‘tkazish uchun laboratoriya tizimlarini tayyorlash, tibbiyot muassasalarida infeksiyalar profilaktikasi va nazorati, COVID-19 ustidan epidemiologik nazoratni va COVID-19 bemorlari hisobini yuritishni yaxshilash, shuningdek, virus haqidagi dezinformatsiyalarga qarshi kurashish hamda insonlarni davlat va tibbiyot xodimlari bilan hamkorlikda ishlashga jalb qilish uchun vositalar taqdim etadi.

Qo‘shma Shtatlar boshqa donorlarni ham COVID-19 virusiga qarshi kurashish bo‘yicha global sa’y-harakatlarga hissa qo‘shishga chaqiradi, deyiladi xabarda.