COVID-19 koronavirus pandemiyasi jahon iqtisodiyotini 1 foizga kamaytirishi mumkin. Bu haqda BMTning iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqotlar hisobotida so‘z boradi.

Iqtisodchilarning prognozlariga ko‘ra, eng yomon holat ssenariyida COVID-19 pandemiyasi tufayli dunyo yalpi ichki mahsuloti avval bashorat qilingan 2,5 foizga o‘sish o‘rniga 2020 yilda qariyb 1 foizga tushishi mumkin. Taqqoslash uchun: 2009 yilgi jahon moliyaviy inqirozi davrida jahon iqtisodiyoti 1,7 foizga qisqargan. Shuningdek, agar dunyo bo‘ylab iqtisodiy faoliyatga cheklovlar uchinchi chorakka qadar davom etsa, jahon ishlab chiqarish ko‘rsatgichi sezilarli darajada pasayadi.

Ma’lum bo‘lishicha, Yevropa va Shimoliy Amerikada odamlar harakati va yakkalanish (izolyatsiya) cheklovlarini oshirilishi xizmat ko‘rsatish sohasiga qattiq zarba bergan. Bular ayniqsa, ushbu mamlakatlardagi barcha ish o‘rinlarining to‘rtdan bir qismini tashkil etadigan chakana savdo, turizm, mehmonxona, o‘yin-kulgi va transport xizmatlari bilan bog‘liq sohalarda o‘z ifodasini ko‘rsatdi.

Iqtisodiy ta’sirning jiddiyligi — mo‘’tadil yoki og‘ir bo‘lsin — yetakchi rivojlangan mamlakatlarda odamlarning harakati va iqtisodiy faoliyat bo‘yicha cheklovlar davomiyligi, shuningdek, inqirozga moliyaviy javoblarning haqiqiy ko‘lami va samaradorligiga bog‘liq bo‘ladi.

Hisobotga ko‘ra, moliyaviy rag‘batlantirish chora-tadbirlari chuqur iqtisodiy inqiroz ehtimolini kamaytirishga yordam beradi. Bu, o‘z o‘rnida, ustuvor yo‘nalish sifatida sog‘liqni saqlash sohasiga va koronavirus pandemiyasining ta’siri eng og‘ir bo‘lgan kam daromadli tabaqalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lishi lozim, deya ta’kidlanadi.

«Pandemiyaga qarshi tezkor va qat’iy siyosiy choralar nafaqat hayotni saqlab qolish uchun, balki jamiyatimizning eng zaif qismlarini iqtisodiy inqirozdan himoya qilish, iqtisodiy o‘sish va moliyaviy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun ham kerak», — dedi BMT bosh kotibining iqtisodiy va ijtimoiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari janob Lyu Chjenmin.

Hisobotda xulosa sifatida keltirilishicha, iqtisodiy inqiroz barqaror rivojlanishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va buning natijasida dunyo miqyosida iqtisodiy tengsizlik ehtimoli yanada kuchayadi.