O‘zbekistondan chiqqan yuk avtomobillariga Gruziya-Turkiya chegarasini kesib o‘tishga ruxsat berildi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Turkiya koronavirus tarqalishini qisqartirish maqsadida yuk tashuvchilarining o‘z hududiga kirishini taqiqlagan edi. Shundan so‘ng, «Ozodlik» radiosi ma’lumotlariga ko‘ra, «Sarpi» o‘tkazish punktida O‘zbekistondan Turkiyaga paxta tashiyotgan 150 dan ortiq furalar to‘planib qolgan. Haydovchilar bir hafta davomida yuk mashinalarida yashashdi.

«Turkiya va Gruziyaning mas’ul vazirlik va idoralari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida mazkur masala ijobiy hal qilindi. Turkiya tomonidan olingan ma’lumotga ko‘ra o‘zbekistonlik avtotashuvchilar Turkiya hududiga O‘zbekistondan chiqqan kunlaridan boshlab 14 kunlik muddat tugaganidan keyin kiritiladi», — deyiladi TIV xabarida.

Turkiya Bojxona idorasi va Savdo vazirligi 30 mart kechasidan boshlab O‘zbekiston yuk tashuvchi transport vositalarini kiritish tiklanganligini tasdiqladi. Bugunga qadar Gruziya-Turkiya chegarasini 50 dan ortiq yuk transportlari kesib o‘tdi.

O‘zbekistonning Anqara va Boku shaharlaridagi elchixonalari vaziyatni nazoratga olgan, davlatlararo chegarada 14 kunlik muddat tugashini kutayotgan o‘zbekistonlik haydovchilar bilan aloqada bo‘lib turibdi.