Maktab bitiruvchilari uchun yakuniy imtihonlar va oliy ta’lim muassasasiga kirish sinovlari birlashtirilishi mumkin. Bu haqda Davlat test markazi tomonidan e’lon qilingan prezident qarori loyihasida aytilgan.

Qaror loyihasiga ko‘ra, 2021−2022 o‘quv yilidan boshlab yakuniy davlat attestatsiyasi uchun majburiy fanlar va maktab bitiruvchisi tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fan bo‘yicha yagona test sinovlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Test sinovlari aprel — may oylarida o‘tkaziladi.

Maktab bitiruvchilari majburiy uchta fan va o‘zi tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fandan test sinovlarini ixtiyoriy ravishda topshirishlari mumkin bo‘ladi.

Test sinovlarining natijalari o‘tkazilgan kunning ertasiga DTMning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi. Ushbu natijalar maktab bitiruvchilari uchun o‘tkaziladigan yakuniy davlat attestatsiyasida va oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tanlovida inobatga olinishi kutilmoqda.

Test sinovlarida maktab bitiruvchisi tanlagan bakalavriat o‘qishiga mos fanlardan qoniqarli natija ko‘rsatsa, u qo‘shimcha test sinovlarisiz test sinovi topshirgan mos o‘quv tili va ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda qatnashadi.

Agar maktab bitiruvchisi tanlagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fanning kamida biridan test sinovini qoniqarsiz bajarsa, u maktab tomonidan o‘tkaziladigan yakuniy davlat attestatsiyasida ishtirok etishga majbur bo‘ladi.

Test sinovlarida ishtirok etmagan yoki unda qoniqarsiz baholanganlar barcha abituriyentlar qatori iyul-avgust oylarida test sinovlarida qatnashishlari mumkin bo‘ladi.

O‘zbekiston ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan test sinovi topshiriladigan fanlar, baholash mezonlari, topshiriqlar soni, test sinovlari va tanlovda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishning aniq muddatlari belgilanadi.

Test sinovidan o‘tishning minimal ko‘rsatkichi (qoniqarlilik darajasi) Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilanadi. Vazirlik har o‘quv yili maktab bitiruvchilari haqidagi tegishli ma’lumotlarni 1 fevralga qadar Davlat test markazining maxsus dasturiga kiritib boradi.

Qaror loyihasining muhokamasi 16 aprelgacha davom etadi.