O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi Rossiya OAVlaridagi 31 mart kuni «Domodedova» xalqaro aeroportidan charter reyslar bilan uylariga qaytish istagidagi 300 nafarga yaqin markaziy osiyolik mehnat migrantlari chiqarib yuborilgani haqidagi xabarlar yuzasidan izoh berdi.

«O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi „Domodedovo“ va „Jukovskiy“ aeroportlarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining to‘planishi holatlarini rad etdi», — deyiladi «Dunyo» axborot agentligi tarqatgan bayonotda.

Diplomatik vakolatxonaga ko‘ra, «Vnukovo» va «Sheremetevo» aeroportlarida bo‘lgan vatandoshlarning aksariyati charter reyslarida O‘zbekistonga olib ketilgan. Ayni paytda esa ikki davlat o‘rtasidagi charter reyslar to‘xtatilgan.

Moskvada yashashga imkoni bo‘lmagan 160 ga yaqin o‘zbekistonliklar navbatdagi charter reyslari tashkil etilgunga qadar xostel (yotoqxona)ga joylashtirilgan. Fuqarolarga yashash uchun barcha sharoit yaratilgan. Xususan, kuniga uch mahal issiq ovqat tashkil etilgan, ular bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan, deyiladi xabarda.

Moskvadagi elchixonaning «Gazeta.uz»ga xabar qilishicha, hozirda Rossiya poytaxti aeroportlarida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q. Fuqarolarni xostellarga joylashtirish bilan bog‘liq barcha masalalar hal qilingan.

Charter reyslarini kutayotgan fuqarolarni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda Uzbeistan Airways aviakompaniyasi ham qo‘llab-quvvatlagan.

«Domodedovo»dan migrantlar chiqarib yuborilgani haqida 31 mart kuni tunda jurnalist Galiya Ibragimova o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qilgan edi. Keyinroq RIA Novosti vaziyat haqida reportaj tayyorladi. Unda «Domodedovo»dan chiqarib yuborilgan migrantlar, aniqlashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, — Tojikiston fuqarolaridir. Aeroport xodimining qayd etishicha, ertalab ularni mahalliy tojik diasporasi avtobusda olib ketgan.