Karantin tadbirlari e’lon qilingan vaqtdan bugungi kunga qadar O‘zbekiston bo‘yicha karantin qoidalariga amal qilmaslik bilan bog‘liq jami 19 843 ta huquqbuzarlik (2 aprel 9:00 holatiga) aniqlangan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Xususan, 1 aprel 23:00 holatida respublikada 2175 ta yangi holat aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan MJTKning 46−2, 53, 54-moddalariga asosan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Qoidabuzarlik eng ko‘p Toshkent shahrida aniqlandi — 3 429 ta holat. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (2512), Toshkent (1992), Samarqand (1973), Namangan (1440), Jizzax (1409), Qashqadaryo (1246), Andijon (1198) Surxondaryo (1190), Sirdaryo (943), Buxoro (885) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (695) borayotgan bo‘lsa, Xorazm viloyatida 656 ta, Navoiy viloyatida esa 275 ta holat aniqlandi.

Huquqbuzarlarning eng ko‘pini 18−30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tashkil etmoqda — 11079 nafar. 347 nafari esa 18 yoshgacha bo‘lganlardir.

Shuningdek, 19193 ta holat jamoat joylarida niqob taqib yurmaslik bilan bog‘liq. 322 ta holatda esa karantin hududi tashlab ketilgan. 147 ta holatda sanitariya-epidemiologiya qoidalariga zid ravishda savdo faoliyati davom ettirilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 aprel kuni mamlakat bo‘yicha jami karantin qoidabuzarliklari soni 17 668 tani tashkil etgan edi. Bir kun ichida niqob taqmaslik bilan bog‘liq 2084 ta holat aniqlangan bo‘lsa, 8 kishi karantin hududini tark etgan.