Toshkentdagi «O‘zekspomarkaz»da tashkil etilgan xayriya tadbirlari markazi o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova brifingda ma’lum qilgan.

Ushbu markazga 1 aprel kuni homiylar tomonidan 5 tonna yog‘, 10 tonna piyoz, 5 tonna guruch, 20 tonna 2 turda makaron, 10 tonna 250 kg kartoshka, 5 tonna shakar, 10 ming dona maska, 20 ming dona qo‘lqop, 5 ming dona bir martalik kombinezon to‘plangan.

2 aprel kuni Toshkent shahrining 350 ta xonadonga 8 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etiladi. Ushbu ishni tashkil etish uchun har bir tumanga 2 tadan — jami 22 ta «Damas» avtomashinasi ajratilgan.

Ehtiyojmand oilalarga yordamlarni mahalla raisi hamrohligida yetkaziladi. Mahsulotlar va xonadonga tashrif buyuruvchilar karantin talablariga to‘la muvofiq kiyingan, deyiladi bayonotda.

O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida 1 apreldan boshlab yakka holdagi xayriya tadbirlarini cheklash va ularni markazlashtirish tavsiya etilgan edi. Vazir o‘rinbosarining aytishicha, ayrim xonadonlarga ustma-ust yordam berilgani holda, ayrim xonadonlar e’tibordan chetda qolayotgani haqida 200 ga yaqin norozilik murojaatlari bo‘lgan.