2 aprel kuni Qirg‘iziston bosh vaziri Muxammedkalыy Abыlgaziyev O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan telefonda suhbatlashdi. Bu haqda Qirg‘iziston hukumati axborot xizmati xabar berdi.

Qirg‘iziston bosh vaziri O‘zbekiston hukumatiga koronavirusga qarshi kurash maqsadida yuborilgan insonparvalik yordami uchun minnatdorchilik izhor qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, 2 aprel kuni O‘sh viloyatiga O‘zbekiston tomonidan yuborilgan 1000 tonna un, 7 mingta tibbiy himoya kostyumlari, 2 mingta bir marotabali N95 respiratorlari, 20 mingta qo‘lqop, 500 ta himoya ko‘zoynaklari, 200 ta tibbiy pirometrlar va 2 ming dona test tizimi va kerakli reagentlar yetib borgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 aprel kuni ushbu yuklar ortilgan poyezd Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi temiryo‘l stansiyasidan Qirg‘izistonning O‘sh viloyatiga yo‘l olgan edi. «O‘zbekiston xalqidan Qirg‘iziston xalqiga insonparvarlik yordami» shiori ostida tashkil etilgan insonparvarlik yordami O‘zbekiston FVV, Andijon viloyati hokimligi, «O‘zbekiston temir yo‘llari», «O‘zdonmahsulot» kompaniyalari hamda mamlakatdagi farmatsevtika korxonalari hamkorligida amalga oshirildi.