O‘zbekiston Afg‘oniston rahbarlarining inklyuziv muzokaralar olib boruvchi jamoasini shakllantirish to‘g‘risidagi kelishuvini ma’qulladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston ushbu kelishuvni mamlakatning ichki siyosiy inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish jarayonidagi muhim qadam deb qabul qildi.

«Ayni bosqichda o‘t ochishni va zo‘ravonlikni to‘xtatish bo‘yicha avval erishilgan kelishuvlarning bajarilishi, barcha manfaatdor tomonlar, shu jumladan „Tolibon“ harakati ishtirokida umummilliy afg‘onlararo muloqotga o‘tish o‘ta muhimdir» — deya ta’kidlanadi vazirlik bayonotida.

O‘zbekiston Afg‘oniston xalqi bilan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, mamlakatda barqaror va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish jarayonini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tarafdori ekanligini yana bir bor bayon qildi.

Eslatib o‘tamiz, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Tolibon harakati o‘rtasida 29 fevral kuni imzolangan bitimiga asosan, 10 martga qadar Afg‘oniston hukumati qamoqxonalardan 5 ming mahbusni, Tolibon tomoni ham asirga olingan ming nafar hukumat kuchlarini ozod qilishigi lozim edi.

Biroq almashuv amalga oshmadi. «Afganistan.ru» saytining yozishicha, mamlakatning amaldagi rahbari Ashraf G‘ani va uning asosiy raqibi Abdulloh Abdulloh o‘rtasidagi prezidentlik saylovi natijalari bo‘yicha farqlar 10 martga belgilangan afg‘onalararo uchrashuv amalga oshishiga imkon bermadi. Siyosatchilar hukumat delegatsiyasi tarkibi bo‘yicha kelisha olmagan. Biroq keyinchalik, 31 mart kuni Abdulloh Abdulloh jamoa tarkibini ma’qulladi.

Mahalliy ToloNews nashrining xabar berishicha, Afg‘oniston hukumati va Kobulga kelgan Tolibon harakati delegatsiyasi muzokaralar o‘tkazib, mahbuslarni ozod etish masalasida muvaffaqiyatga erishgan. Muzokaralar 1 aprel, chorshanba kuni ham davom etdi.