Ayni vaqtgacha O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar soni 3 taga oshib, 190 nafarni tashkil etmoqda, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Avvalroq COVID-19 koronavirus infeksiyasi qayd etilgan bemorlar soni 6 nafarga oshib, 187 kishiga yetgani xabar qilingan edi.

Davlat bosh sanitariya inspektorining ma’lumot berishicha, Virusologiya institutida davolanayotgan 90 nafar bemorning 23 tasida pnevmoniya alomatlari bor. 5 nafar bemorning ahvoli og‘ir, ulardan 2 nafarining ahvoli esa barqaror og‘ir deya baholanmoqda.

Dunyo mamlakatlarida oxirgi 24 soat davomida 76 872ta yangi kasallanish holati qayd etilib, 4 890 nafar bemorlar ushbu kasallikdan vafot etgan.

2 aprel 08.00 holatiga ko‘ra dunyoning 203 davlatida jami 935 840 nafar bemorlarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan, ulardan 194 286 nafari sog‘aygan, 47 241 nafari vafot etgan, 35 478 nafar bemorlar og‘ir ahvolda qolmoqda.