O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurash tadbirlari doirasida Respublika maxsus komissiyasi yangi tartiblarni e’lon qildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi axborot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qilgan.

Yangi tartibga ko‘ra 1 apreldan boshlab Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida «o‘zini yakkalash» (samo izolyatsiya) hayot tarzi joriy etiladi. Zarurat bo‘lgan taqdirdagina yaqin atrofdagi dorixona, oziq-ovqat va birinchi galdagi tovarlar do‘koniga chiqishga ruxsat etiladi.

65 yoshdan yuqori bo‘lgan fuqarolarga uyidan tashqariga chiqish qat’iyan man etiladi.

Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash jarayonida turli xayriya aksiyalarini uyushtirilmoqda. Lekin mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu turdagi aksiyalar davomida COVID-19 virusining yanada keng tarqalish xavfi juda yuqori. Maxsus komissiya xulosasiga ko‘ra sanitariya-gigiyena qoidalari va karantin talablarini chetlab o‘tib, yakka tartibda xayriya tadbirlarini amalga oshirish aholi, ayniqsa nuroniylar hayotini jiddiy xavf ostiga qo‘yadi.

Mazkur jarayonda yakka tartibdagi xayriya aksiyalarini 1 apreldan e’tiboran vaqtincha to‘xtatish maqsadga muvofiqligi aytilgan.