Toshkentda 31 martdan poytaxt IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Milliy gvardiya va Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi xodimlari ishtirokida karantin choralariga rioya etilishi bo‘yicha reydlar boshlandi, deya xabar qildi IIBB matbuot xizmati.30 martdan Toshkent, Nukus va viloyatlar markazlarida, shuningdek, viloyatlar o‘rtasida avtomobillar harakatiga faqatgina maxsus ruxsatnoma (stiker) bilan ruxsat beriladi.

Reyd tadbirlari doirasida 31 mart 20:00 dan 1 aprel 7:00 ga qadar poytaxtda 168 ҳайдовчининг stikersiz avtomobil boshqargani aniqlandi.

Maxsus ruxsatnomasiz haydovchilar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-modda 2-qismi (Epidemiyaga qarshi kurashish qoidalarini buzish) bo‘yicha jarimaga tortildi. Mazkur moddaga binoan fuqarolarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilangan.

O‘zbekiston IIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, reyd davomida jami 27 107 ta avtotransport vositalari tekshirilib, 1 912 ta turli xil huquqbuzarliklar aniqlandi. Shulardan 766 tasi bevosita karantin qoidalarini buzish bilan bog‘liq, tegishli ruxsatsiz (stikersiz) harakatlangan avtomobillar soni 168 tani tashkil etdi. Jarima maydonchasiga joylangan avtotransport vositalarining umumiy soni 545 tani tashkil etdi.