1 aprel kuni Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bosh vazir o‘rinbosari Oltinoy Omurbekova va Sog‘liqni saqlash vaziri Kosmosbek Cholponbayevni o‘z lavozimidan ozod etdi. Bu haqda prezidentning axborot xizmati xabar bergan.

31 mart kuni Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida davlat rahbari mamlakatda virus tarqalishining oldini olish bo‘yicha ishlar qoniqarsiz darajada olib borilayotganligi sababli koronavirus bemorlari sonining oshayotganligini ta’kidlagan.

Sooronbay Jeenbekov respublika shtabi va Sog‘liqni saqlash vazirligini bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni vaqtida aniqlash ishlari yaxshi tashkillashtirilmaganligi uchun qattiq tanqid qilgan.

Prezident Sog‘liqni saqlash vazirligini laboratoriya tahlillarini o‘tkazish vaqtida tashkil etilmaganligi, laboratoriyada kerakli tibbiyot jihozlari yetarli emasligi va test jarayoni uchun kerakli materiallar zahirasi tayyorlanmaganligi uchun tanqid qilgan.

«Siz yanvar oyida barcha laboratoriyalar tayyor degan edingiz. Lekin bunday bo‘lib chiqmadi. Test uchun reagentlar yetarli emas. Vazirlik o‘z vaqtida tezkor choralarni ko‘rishi kerak edi, bu qilinmadi»", — degan Jeyenbekov Sog‘liqni saqlash vaziri Kosmosbek Cholponbayevga.

Qirg‘iziston prezidenti respublika shtabining ishidan fuqarolar qoniqmayotganligini aytib o‘tgan.