Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi 1 apreldan boshlab mamlakatda yakka tartibdagi xayriya tadbirlarini cheklashni tavsiya qildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi axborot xizmati xabar berdi.

Koronavirusga qarshi kurash jarayonida turli xayriya aksiyalarini uyushtirilmoqda. Lekin mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu turdagi aksiyalar davomida COVID-19 virusining yanada keng tarqalish xavfi juda yuqori, deyiladi maxsus komissiya bayonotida. Komissiya xulosasiga ko‘ra, sanitariya-gigiyena qoidalari va karantin talablarini chetlab o‘tib, yakka tartibda xayriya tadbirlarini amalga oshirish aholi, ayniqsa nuroniylar hayotini jiddiy xavf ostiga qo‘yadi.

Mazkur jarayonda yakka tartibdagi xayriya aksiyalarini 1 apreldan e’tiboran vaqtincha to‘xtatish maqsadga muvofiqligi aytilgan.

Ehtiyojmand kishilarga xayriya yordamlarini manzilli yetkazilishida ko‘maklashish uchun bunday tadbirlar quyidagi markazlashgan tartibda amalga oshirilishi belgilangan:

  • Toshkent shahrida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi O‘zekspomarkaz Milliy ko‘rgazma majmuasi tarkibidagi pavilonda tashkil etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri hamda viloyatlar markazlarida shunday mexanizm joriy etiladi;
  • Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘limlari joylardagi ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlami haqidagi ma’lumotni hududiy tegishliligi bo‘yicha Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga taqdim etadi;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning beg‘araz yordamlari Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari orqali santitar-gigiyenik talablarga muvofiqligi ko‘rikdan o‘tkazilib, karantin talablariga qa’tiy rioya etilgan holda (maxsus kiyim bosh va shahsiy himoya vositalari bilan ta’minlangan holda) ehtiyojmandlarga yetkazib beriladi;
  • aholining yordamga muhtoj qatlamiga xayriya yordamlarini shaxsan yetkazish istagida bo‘lgan nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari hamda sahovatpesha insonlar va ko‘ngilli (volontyor) lar ushbu xayriya tadbirlarida yaqindan hamkorlik qilish va jarayonda qatnashishga taklif etiladi;
  • ehtiyojmand oilalarga berilgan xayriya yordamlari haqidagi ma’lumotlar jamoatchilikka muntazam yetkazib boriladi.

Pul ko‘rinishidagi mablag‘larni «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga o‘tkazish tavsiya qilingan.

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurash tadbirlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va virusga qarshi kurashishda tajribaga ega Xitoy, Janubiy Koreya mutaxassislarining tavsiya va maslahatlariga qat’iy amal qilinib tashkillashtirilishi aytilgan.