Yangi turdagi koronavirus pandemiyasi sababli Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) kollegiyasi 30 iyungacha Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidan qator mahsulotlar, shu jumladan grechka, guruch, javdar, piyoz va kungaboqar urug‘larini olib chiqishni taqiqlashga qaror qildi. Bu haqda komissiyaning o‘z saytidagi bayonotida so‘z boradi.

Qaror 31 martda qabul qilindi va 10 kundan keyin kuchga kiradi. «Taqiqlovning joriy qilinishi aholini sanitariya-epidemiologiya vaziyatining yomonlashuvi davrida yetarli miqdordagi tovarlar bilan ta’minlaydi», — deyiladi bayonotda.

Komissiya, shuningdek, ittifoqqa bojsiz olib kiriladigan tovarlar ro‘yxatini to‘ldirish bo‘yicha ham ishlarni davom ettirmoqda. Ular tarkibida birlamchi ehtiyoj tovarlari, oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, sanoatning ayrim tarmoqlari uchun muhim bo‘lgan xom ashyo va komponentlar bo‘lishi mumkin.