31 mart kuni 212 fuqaro Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi «Chotqol» sanatoriyasida karantindan chiqarildi va uylariga kuzatildi, deya xabar qildi poytaxt hokimligi matbuot xizmati. Ular 15 mart kuni Janubiy Koreyadan kelganlaridan so‘ng bu yerda ikki hafta davomida shifokorlar nazorati ostida bo‘ldilar.

Toshkent ma’muriyati ketayotganlar oldida musiqa sadolari ostida raqs tushayotgan tibbiyot xodimlari videoroligini e’lon qildi.

«Chotqol» sanatoriyasi vakili Surayyo Bakirovaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, ushbu raqslar tahlillar natijalari salbiy chiqqanidan keyin tibbiyot xodimlarining quvonchli kayfiyatini aks ettirmoqda.

«Bundan tashqari, biz bu yerda uylaridan 14 kun uzoqda bo‘lgan vatandoshlarimizni yaxshi kayfiyatda kuzatib qo‘yishni xohladik», — dedi u.

IIV matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, 1 aprel kuni 9:00 holatiga ko‘ra, 132408 nafar fuqaro epidemiologik noqulay mamlakatlardan O‘zbekistonga kelgan, ularning 21890 nafari tibbiyot muassasalarida karantinda bo‘lsa, yana 21415 nafari ikki haftalik karantindan keyin uylariga kuzatildi.