O‘zbekiston hukumati koronavirus pandemiyasi tufayli byudjetni qo‘llab-quvvatlash uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 1 milliard dollargacha mablag‘ ajratishni so‘radi, deya xabar qildi Investitsiya va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati .

1 aprel kuni O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov videokonferensiya formatida Osiyo taraqqiyot banki prezidenti M.Asakava bilan O‘zbekistonda koronavirus tarqalishidan aholini himoyalash va global pandemiyaning mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlariga ta’sirini yumshatish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hamda mazkur masalalarda OTBning O‘zbekistonga ko‘rsata oladigan yordami mexanizmlarini muhokama qildi.

ITSV xabariga ko‘ra, OTB prezidenti M.Asakava byudjet mablag‘larini ajratish masalasini hal qilish uchun Bankda alohida guruh tuzgani, ushbu masalani ma’qullash va moliyaviy yordam mablag‘larini ajratish jarayonlarini tezlashtirish uchun barcha sa’y-harakatlar amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Hozirgi vaqtda OTB O‘zbekistonning virus tarqalishi bilan bog‘liq tibbiy ehtiyojlari uchun 200 ming AQSH dollariga teng miqdorida grant ajratilishini ma’qulladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan 10 trln so‘mli Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilgan. Shu o‘rinda, prezident tomonidan mamlakat hukumatiga davlat byudjeti va inqirozga qarshi fondni moliyalashtirish uchun 2020 yilda 1 milliard dollargacha miqdorda xorijiy kreditlarni jalb etish topshirig‘i berilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishi chog‘ida koronavirus pandemiyasi tufayli O‘zbekistonning xorijdagi asosiy savdo hamkorlarining milliy valyutalari qadrsizlanishi respublikaga valyuta tushumini, neft narxining tushishi esa gaz eksportidan tushadigan daromadni kamaytirishi mumkinligini aytib o‘tgan edi.