Andijonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida joriy etilgan karantin vaqtida transport vositalarini boshqarishga ruxsat beruvchi maxsus ruxsatnomalarni qalbakilashtirgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qildi.

Tezkor tadbir davomida fuqaro A.Sh. yaqin qarindoshi A.Z. bilan bir guruh bo‘lib, Andijondagi yashash xonadonida maxsus ruxsatnomani rangli printer yordamida tayyorlab, 100 ming so‘m evaziga tanishi A.U.ga bergani va A.U. tomonidan ushbu hujjatdan foydalangan holda o‘ziga tegishli «Damas» rusumli avtomashinasida shahar hududida harakatlanib yurgani aniqlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davomida A.Sh.ning uyidan soxta 7 dona «Karantin COVID-19» maxsus ruxsatnomasi, eski turdagi haydovchilik guvohnomalari va talonlari, notarius tomonidan berilgan ishonchnomalar tayyorlaganligi ma’lum bo‘lgan va bayonnoma orqali ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holat yuzasidan Oltinko‘l tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan A.Sh. va A.Z.larga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismining «b» bandi, 228-moddasi 2-qismining «b» bandi va 228-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Jinoyat-protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida vaqtincha ushlandi. Hozirda ushbu holat bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, A.Sh. muqaddam ham soxta hujjatlarni tayyorlaganligi uchun sudlangan.