30 mart kuni Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Baxrom Ashrafxanov O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori lavozimidan ozod etildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi. Ushbu lavozimda u 2019 yil 19 sentyabrdan beri ishlab kelayotgan edi.

«Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbalari ma’lum qilishicha, Baxrom Ashrafxanov O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchisi etib tayinlanadi. Pensiya jamg‘armasini kim boshqarashi hali ma’lum emas.

Baxrom Ashrafxanov (1969 yil tug‘ilgan) Toshkent politexnika instituti (1990), Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (1993) va Kentukki Universitetlarini (SSHA, 1994) bitirgan.

Pensiya jamg‘armasining direktori sifatidagi faoliyatidan oldin, moliya vazirining ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari (2018 yil sentyabr oyidan), «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2016−2018 yillarda u O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi bo‘lgan.