Eron va Latviyadan olib kelingan fuqarolar uchun karantin muddati yakuniga yetib, ular o‘z manzillariga yetkazib qo‘yilmoqda. Bu haqda Koronavirus Info Telegram-kanalida xabar qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 16 mart kuni Eron (37 kishi) va Latviyadan (175 kishi) jami 212 nafar fuqaro Namanganga olib kelingan edi. Ular Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi va Kosonsoy sanatoriyasiga ikki haftalik karantinga joylashtirildi.

«Bugun ular karantin muddatini tamomladilar. 14 kun mobaynida karantin kuzatuvida bo‘lgan 212 nafar fuqarodan 187 nafari respublikaning turli hududlarida istiqomat qilishlari inobatga olinib, ular „O‘zbekiston temir yo‘llari“ kompaniyasi tomonidan „Namangan-Toshkent-Urgench“ yo‘nalishida harakati yo‘lga qo‘yilgan 901-sonli maxsus yo‘lovchi poyezdida o‘z yashash manzillariga yetkaziladi», — deyiladi xabarda.

To‘liq dezinfeksiyalangan vagonlardan tashkil topgan mazkur yo‘lovchi poyezdi 31 mart kuni soat 09: 00 da Namangan temir yo‘l vokzalidan harakatini boshladi, harakat jadvaliga ko‘ra, 1 aprel kuni soat 14: 57 da Urganch vokzaliga kirib boradi.