Yangi turdagi COVID-19 koronavirusining birinchi bemori qayd etilgan kundan boshlab, kasallanganlarning aksariyati joylashtirilgan Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti shifokorlari ikki hafta davomida klinikada yashadilar.

29 mart kuni Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutining 71 nafar tibbiy xodimi o‘z hamkasblari bilan o‘rin almashishdi va reabilitatsiya maqsadida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi «Oltin olma» pansionatiga jo‘nadilar.

«Gazeta.uz» Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti bosh shifokori o‘rinbosari Maxmarajab Rahmonov bilan O‘zbekistonda koronavirus paydo bo‘lishiga qanday tayyorgarlik ko‘rilgani, shifokorlar burchi va tibbiyot xodimlarining qahramonligi haqida suhbatlashdi.

— O‘zbekiston koronavirusga tayyorgarlik ko‘rishni qachon boshladi, bu tayyorgarlik qanday bordi?

— Koronavirusga tayyorgarlik Vuxanda infeksiya aniqlanganida boshlangan edi. O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining a’zosi sifatida xalqaro hamjamiyat bilan doimiy muloqotda bo‘lib, virusning dunyo bo‘ylab tarqalishi to‘g‘risida ma’lumot olib turadi.

Vuxan Vuxanda tarqalishni boshlaganda, biz dori-darmon vositalari, tibbiy asbob-uskunalar, mexanik shamollatish apparatlari (IVL), shaxsiy himoya tizimlari va koronavirus aniqlangan taqdirda kasalxonaga yotqizish uchun maxsus bokslarni tayyorlashni boshladik.

O‘zbekistondagi birinchi bemor 15 martga kelibgina ro‘yxatga olindi. Ayol Parijdan uchib keldi. Bu vaqtga kelib, virus butun dunyo bo‘ylab tarqala boshladi. Infeksiya barcha qit’alarda qayd etilganda, JSST pandemiya e’lon qildi.

Biz Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va boshqa idoralar bilan birgalikda tayyorgarlik ko‘rdik. Xudoga shukur, bizda Xitoydagi kabi o‘lim holatlari ko‘p emas. Agar biz tayyor bo‘lmaganimizda edi, voqea boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Ko‘rilgan choralar tufayli ushbu virus bilan kasallanish darajasi aholi soniga nisbatan pastligicha qolmoqda.

— Iltimos, birinchi bemor bilan uchrashuv haqida gapirib bersangiz.

— U bizga o‘zi murojaat qildi, chunki u shifokor. U kasallik haqida biladi va o‘qiydi. U Virusologiya institutiga keldi, tahlillarni topshirdi. Bundan oldin, afsuski, u tadbirda qatnashgan. Kontakt katta bo‘lgan. Ayolni behollik, kam uchraydigan quruq yo‘tal va nafas qisilishi bezovta qilayotgan edi. 29 mart kuni unga javob berilishiga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi.

— Birinchi holat qayd etilgan paytdan kechagacha doimiy ravishda Virusologiya institutida bo‘lganmisiz? Shu vaqt davomidagi ishingiz sur’ati va og‘irligi haqida aytib bersangiz.

— Biz 14 kun klinikadan chiqmadik. Oilam bilan faqat telefon orqali gaplashdim. Kecha dam olish va karantin shartlariga rioya qilishni o‘z ichiga olgan reabilitatsiya maqsadida bizni «Oltin olma» pansionatiga olib kelishdi.

Bu yerga kelishdan oldin biz koronavirusga test topshirdik. 71 xodimning natijasi salbiy bo‘ldi. Karantinning 11−12-kunida biz yana qon tekshiruvidan o‘tamiz va agar barchamiz sog‘lom bo‘lsak, uyga javob berishadi.

Koronavirus infeksiyasi dunyoda tarqalishini hech kim bilmas edi. Bizning institutimiz karantinga mo‘ljallanmagan. Biz klinikani ikkita hududga ajratdik: «toza» va «iflos (kir)». «Kir (iflos)» hudud klinikaning bemorlar joylashgan qismi hisoblanadi. Ushbu bo‘limda tibbiyot xodimlari maxsus himoya kostyumlar kiyib, bemorlarga yordam berishadi va ularni uniformada davolashadi.

«Toza» hududda dam oldik. Ba’zida bu juda qiyin edi, chunki barcha bemorlar rejadan tashqari bemorlar. Kuniga 4 soat uxlashga to‘g‘ri keldi, ish ko‘p edi, chunki bu birinchi to‘lqin edi. Bizning klinikamizda koronavirus bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 111 kishi bor edi. Ular bilan ishlash kerak edi. Shifokorlar, hamshiralar va sanitar xodimlari harakat qilishdi. Hozir vaziyat asta-sekin normallashmoqda.

Ayni paytda institut direktori Erkin Musabayev va bosh shifokor boshchiligidagi shifokorlar tarkibi ishlamoqda. Xuddi men singari institut rahbariyati ham 15 martdan boshlab dam olish kunlarisiz ishlamoqda. Ammo men reabilitatsiyadan qaytganimdan keyingina ular dam olishga ketishlari mumkin.

Hozirda reabilitatsiya o‘tayotgan ko‘plab xodimlar Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutiga hoziroq qaytishni xohlashmoqda, chunki bu bizning shifokorlik burchimizdir. Agar biz bo‘lmasak, unda kim (bu ishni qiladi)? Bundan tashqari, biz virusologmiz, ushbu yo‘nalishdagi bosh institutmiz, ilmiy patologiya bilan shug‘ullanamiz, bu — bizning ishimiz.

Ikki haftalik karantin paytida xodimlardan hech qanday shikoyatlar bo‘lmadi. Barcha xodimlar tahsinga loyiq! Ularning barchasi: shifokorlar, virusologlar, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar o‘z burchlari va majburiyatlarini bilganligi bois o‘sha yerda qolishdi. Tibbiy xodimlardan hech biri shikoyat qilmadi, lekin ularning ko‘zlaridan hamma charchaganini ko‘rish mumkin edi. Biz charchadik yoki charchamadik, deb aytmaymiz. Bu bizning burchimiz ekanligini tushunamiz. Men polkovnik darajasiga yetgunimga qadar 28 yil davomida o‘z vatanim uchun xizmat qildim, ammo men harbiy pensionerman, deb aytganim yo‘q. Ehtimol, karantindan keyin biroz dam olaman va keyin ishga boraman.

Bizni ushbu pansionatga yuborishgani juda yaxshi ish bo‘ldi. Buning uchun vazirligimizga va hukumatimizdan minnatdorman. 15 kun davomida hech qayerga chiqmasdan faqat ishda bo‘lgan kishi ruhiy jihatdan charchaydi. Shuning uchun har ikki haftada almashish kerak. Stressni yengillashtirish uchun dam olish kerak. Stress holati immunitetni pasaytiradi, biz esa sog‘lom bo‘lishimiz kerak.

Kecha bizga yaxshi miqdorda moliyaviy yordam ko‘rsatildi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va hukumat tomonidan qimmatbaho sovg‘a bo‘ldi, bizni yuqori darajadagi dam olish maskaniga joylashtirishdi — buning uchun rahmat aytamiz, ilgari bunday bo‘lmagan.

Kelajakda biz o‘z sog‘lig‘imizni va odamlarning sog‘lig‘ini mustahkamlaymiz. Agar biz ushbu tezlikda ishlasak, kasallikni tezda yengamiz.

— 28 yillik faoliyatingiz davomida biron marta koronavirus epidemiyasiga o‘xshash narsaga duch kelganmisiz?

— Men 30 yildan beri yuqumli kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar bilan ishlayman. Bunday miqyosda hali bo‘lmagan. So‘nggi 50−60 yil davomida dunyoda pandemiya umuman bo‘lmagan. Vabo, o‘lat va ispan gripi kabilar bo‘lganida, pandemiya sodir bo‘lgan. Men ko‘plab mahalliy miqyosdagi yuqumli kasalliklar bilan kurashda ishtirok etganman, ammo pandemiya yo‘q edi.


Virusologiya instituti shifokorlari koronavirus infeksiyasidan tuzalgan birinchi
bemorlarni kuzatishmoqda. Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi.

— Bemorlarning ahvoli qanday? Og‘ir ahvolda bo‘lgan bemorlar bormi?

— Bemorlar uch toifaga bo‘linadi: qoniqarli ahvoli, o‘rta og‘ir va og‘ir bemorlar. Og‘ir bemorlar, o‘z navbatida, ikkita toifaga bo‘linadi: bular stabil og‘ir va o‘ta og‘ir. O‘ta og‘ir bemorlarni o‘pkaga sun’iy tarzda havo yetkazib beruvchi apparatga ulash kerak.

Havo yetkazib beruvchi apparatda bitta bemorimiz bor edi. U 39 yoshda edi. U bizning klinikamizga Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot institutidan juda kech keldi. Uni o‘sha yerning o‘zidayoq havo yetkzuvchi apparatga ulashgan edi. Virusologiya institutiga qabul qilinganidan besh soat o‘tgach, bemor vafot etdi.

— Koronavirus infeksiyasi aniqlangan bemorlarni davolash haqida so‘zlab bersangiz. Og‘ir ahvolda bo‘lgan bemorlarni qanday davolaysiz?

— Bu yuqumli kasalliklar uchun intensiv terapiya. Bu butun bir boshli kasb. Har daqiqada shifokorlarning xatti-harakatlari o‘zgarishi mumkin. Barchasi bemorning ahvoliga bog‘liq. Bunda professional yondashuv kerak.

Koronavirus infeksiyasi asosan o‘pkaga ta’sir qiladi, og‘ir bemorlarda nafas yetishmovchiligi yuzaga keladi, o‘pka mustaqil ravishda nafas ololmaydi. Keyin kislorod sun’iy nafas olish apparati orqali yetkazib beriladi.

Agar vaksina bo‘lmasa va kasallikni davolaydigan dori bo‘lmasa, unda patogenetik terapiyani o‘tkazish kerak (kasallik rivojlanishining mexanizmlarini yo‘q qilish yoki bostirish). Biz shu terapiyani amalga oshiryapmiz.

Epidemiyaga qarshi choralar ham muhimdir, ular haqida batafsil sanitariya-epidemiologik farovonlik agentligida aytib berishadi. Koronavirusga qarshi emlash mavjud emas, shuning uchun epidemiyaga qarshi choralarni ko‘rish muhimdir.

Shifokorlarning umujahon hamjamiyati vaksinalar va dorilarni ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazmoqda. Bizning institutimizda bunday tadqiqotlar hozircha o‘tkazilayotgani yo‘q. Hozir biz bu holatda emasmiz. Biz kasallarni davolashimiz kerak. Ammo biz, albatta, barcha ilmiy ma’lumotlarni saqlab qolayapmiz. Keyin ularni tahlil qilamiz.

— Sog‘liqni saqlash vazirligining bayonotiga ko‘ra, O‘zbekiston koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda JSST standartlariga amal qilmoqda. Qanday standartlar haqida gap ketmoqda?

— Milliy davolash protokoli hali biron bir mamlakatda ishlab chiqilmagan, chunki infeksiya yangi. Ammo biz Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya tajribasiga tayanyapmiz. Xitoyliklar COIVD-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha qo‘llanma chiqarishdi va JSST orqali uni barcha mamlakatlarga tarqatishdi.

Biz xitoylik shifokorlar bilan aloqada bo‘lib turibmiz. Shifokorlarning xalqaro assotsiatsiyalari mavjud, O‘zbekistonlik shifokorlar ularning anjumanlarida qatnashishadi hamda tajriba almashib turishadi.

JSST standartlari asosan epidemiologik chora-tadbirlarga tegishli. Hozirgi kunda davolanish uchun ushbu virusga qarshi dori yo‘q. Sog‘ayish jarayoni — bu intensiv terapiya hisoblanadi. JSSTning asosiy tavsiyalari bu virusni lokalizatsiya qilishdir.

— Yaqinlaringiz bilan qanday aloqa qilyapsiz va ular sizning koronavirus bilan og‘rigan bemorlarni davolashingizga qanday munosabat bildirishmoqda?

— Faqat telefon orqali. Hech qanday uchrashuv, hech qanday kontakt yo‘q. Tabiiyki, barcha shifokorlar, hamshiralar va sanitariya xodimlarining qarindoshlari tashvishlanishmoqda, yaqinlari o‘zlarini qanday his qilishlarini so‘rab turishadi. Ammo bu burch ekanligini tushunishadi.

Men o‘zim harbiyman, doim xizmat safarlarida bo‘lganman. Mening oilam harbiy burch va vatan oldidagi burch nima ekanligini biladi. Mening oilam ushbu holatni yaxshi tushunadi.

— O‘zingiz, bemorlar yoki sog‘liqni saqlash tizimi haqida qayg‘urib, qo‘rquv his qildingizmi?

— Yo‘q, chunki biz tayyor edik. Vuxandan beri tayyorgarlik ko‘rdik. Psixologik, ma’naviy va moddiy jihatdan biz tayyor edik.

— Tibbiyot muassasalarida bemorlarni davolash va shifokorlarni himoya qilish uchun barcha narsa yetarlimi?

— O‘zimizning klinikamiz haqida aytishim mukin: hamma narsa yetarlicha. Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida tezkor shtab tashkil qilinganidan keyin, biz shtabga ariza topshiramiz va barcha dori-darmon va tibbiy jihozlarni bizga tezda yetkazib berishadi. Avvaliga muammolar bo‘ldi, chunki virusni yuqtirgan ko‘plab bemorlar klinikaga joylandi. Birinchi to‘lqin — har doim eng og‘ir vaziyat.

— Ehtimoliy tanqislik haqida xavotirlar bormi?

— Men tanqislikni ko‘rmayapman. Himoya kostyumlari va niqoblar ishlab chiqaradigan barcha tashkilotlar o‘z mahsulotlarini eksport qilishni to‘xtatib, ularni faqat millat ehtiyojlari uchun ishlab chiqarishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Tanqislik bo‘ladi, deb tashvishlanmayman, chunki hamma narsa rejalashtirilgan.

— So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 149 ta bemor qayd etilgan. Ularning 11 nafari tibbiyot xodimlari. Qanday qilib shuncha shifokor virus bilan zararlandi?

— Xitoy va Italiyada ham juda ko‘p. Agar tibbiyot xodimi o‘ziga zarbani qabul qilmasa, unda kim bu ishni qiladi? Ular bor kuchlarini sarflashmoqda va infeksiyadan qo‘rqishayotgani yo‘q. Agar ular bu tarzda ishlamasalar, unda bemorlar va o‘lim holatlari ko‘payar edi.

— Kasallikning keyingi tarqalishi haqida biron bir prognoz qila olasizmi?

— Men hech narsa deya olmayman va hech kim hech narsa deya olmaydi. Vaziyat har kuni o‘zgarib bormoqda. Italiyada vaziyat shunday bo‘lishini hech kim kutmagan edi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligida epidemiologik vaziyatlarni tadqiq etadigan epidemiologik bo‘lim mavjud. Ushbu izlanishlar natijasiga ko‘ra ular xulosalar chiqaradilar. Bir kishi prognoz qila olmaydi.